O‘zbekiston – Latviya hamkorligi: Navoiy tajribasiga alohida e’tibor
2026-yil 20-25-aprel kunlari Latviya Respublikasining poytaxti Riga shahrida O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari vakillari uchun maxsus “Yozgi maktab” (“Summer School”) dasturi tashkil etildi. Tadbirda bir guruh navoiyliklar ham ishtirok etdi. Navoiy viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi a’zosi, “Noila” monitoring markazi ta’sischisi Mansur Hamidov muxbirimiz bilan safar taassurotlarini o‘rtoqlashdi:
– Mazkur xalqaro dastur “Transparency International Latvia”, Latviya Respublikasining Markaziy moliya va kontrakt agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida amalga oshirildi. Loyiha Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirildi.
Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, NNTlar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda mahalliy ekspertlar ishtirok etdi.

Dastur davomida qator tashkilotlar bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazildi. Jumladan, “Transparency International Latvia”, Latviya Markaziy moliya va kontrakt agentligi, Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi (KNAB), Latviya Fuqarolik alyansi va bir qator mahalliy fuqarolik jamiyati vakillari bilan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Latviya Korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi vakillari tomonidan korrupsiyaning oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari taqdim etildi.

“Transparency International Latvia” va Latviya Fuqarolik alyansi bilan uchrashuvlarda esa NNTlarni qo‘llab-quvvatlash, grant tizimi va jamoatchilik ishtiroki muhokama qilindi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Navoiy viloyati haqida tayyorlangan kitob-albom latviyalik hamkorlarga taqdim etildi.

Muloqotlar jarayonida Kuldiga munitsipaliteti ijroiya direktori Rimants Safonovs Navoiy viloyatiga tashrif buyurish va “Navoiy tajribasi”ni o‘rganish niyati borligini bildirdi. Shuningdek, Latviya tomoni mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Yozgi maktab yakunlari bo‘yicha ko‘plab amaliy natijalarga erishildi. Jumladan, O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida fuqarolik jamiyati sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shuningdek, ekspert almashinuvini davom ettirish, yangi qo‘shma tashabbus va loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yangi qo‘shma tashabbuslar va loyihalarni ishlab chiqishga tayyorgarlik hamda korrupsiyaning oldini olish borasida “Navoiy tajribasi”ga alohida qiziqish bildirildi.

Riga shahrida o‘tkazilgan mazkur xalqaro dastur O‘zbekiston – Latviya o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurash siyosati va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida amaliy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Eng muhim natijalardan biri “Navoiy tajribasi”ni shakllantirish uchun xalqaro institutsional va ekspert asoslarning mustahkamlanishi bo‘ldi.
Suhbatni O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev yozib oldi