O‘zbekiston – Kuvayt: hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
“KuNA” axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Kuvayt moliya vaziri, iqtisodiy ishlar va investitsiya bo‘yicha davlat vaziri Nura Sulaymon Al-Fassom bilan uchrashganini yoritdi.
Maqolada mehmon delegatsiya tarkibida mazkur davlatning Toshkentdagi elchixonasi vakili Xolid Al-Mutayrat, shuningdek Moliya, Tashqi ishlar vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Investitsiya boshqarmasi hamda Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi vakillari ham uchrashuvda ishtirok etgani ta’kidlangan.
Muallif o‘zaro infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali sheriklik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokamasiga e’tibor qaratgan.

Tomonlar iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish maqsadida asosiy tarmoqlar, jumladan “yashil” energetika sohasida startap loyihalarni ilgari surishdan manfaatdorligini bildirdi.
Davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish imkoniyati hamda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi.
Nura Sulaymon Al-Fassom O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyotning ochiqligini ta’minlash va investorlar huquqini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini yuqori baholagan. Ayni jarayon Quvayt ishbilarmonlarining diyorimizga ishonchi oshishiga mustahkam zamin yaratayotganini e’tirof etgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA