O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni keng nishonlandi
Navoiy shahrida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi tomonidan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Sektorlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda yurtimizda sohalarda faoliyat olib borayotgan har bir xodimni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, kasaba uyushmalari faoliyatiga doir huquqiy asos takomillashtirildi. 2019 yil 6 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi kasaba uyushmalari hayotidagi eng muhim voqea bo‘ldi.
Bugungi kunda ijtimoiy mehnat munosabatlariga oid qonunlarning aksariyatida davlat organlari tomonidan Federatsiyaga kelishish uchun taqdim etilgan mingdan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlarda, shu jumladan, yangi Mehnat kodeksida ham kasaba uyushmalari takliflari o‘z aksini topgan.

– Bugungi kunda viloyatda boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida 235 ming nafardan ortiq a’zo mavjud, – deydi Federatsiyasining viloyat kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – 2024 yilning o‘tgan davri davomida esa 1022 ta korxona, tashkilot va muassasalarning 11719 nafar xodimi kasaba uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. Tashkilotimiz tomonidan ishchi-xodimlarning dam olishi va sog‘ligini tiklashi borasida manzilli ishlar olib borilmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1750 nafardan ziyod dam oluvchilar sog‘lomlashtirilib, ularning 1702 nafari imtiyozli, 52 nafari bepul yo‘llanmalar orqali salomatligini tikladi. Shuningdek, yozgi oromgohlarda ijtimoiy daftarlarda turuvchi oilalarning mingdan ziyod farzandlari bepul sog‘lomlashtirildi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi Madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri Norimxol Nurmonovaga turizm sohasi rivojida qo‘shgan hissasi uchun “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
– Kasaba uyushmalari tomonidan jamoa shartnomalari va tarmoq kelishuvlariga kiritish orqali ichki turizmni rivojlantirishga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi Norimxol Nurmonova. – Jumladan, 2024 yilning 9 oyi davomida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida 6 ming 125 nafar xodimlar va ularning oila a’zolari uchun respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlar tashkil etildi.
Tadbirda kasaba uyushmalari tizimida mehnat qilayotgan bir guruh faollarga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri