O‘zbekiston iqtisodiyoti kutilgandan tezroq o‘sishi mumkin
Mamlakatimizda, elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi.
Bunday baholar Markaziy bank tomonidan 2026-yil avgust oyida moliya sohasi ekspertlari o‘rtasida o‘tkazilgan iqtisodiy kutilmalar so‘rovi natijalarida qayd etildi. Unda iqtisodiy o‘sish, inflyatsiya, asosiy stavka va ish haqi dinamikasi bo‘yicha ekspertlarning yaqin va o‘rta muddatli prognozlari o‘rganilgan.
Moliya sohasi ekspertlari 2026-yilda O‘zbekistonda real YAIM o‘sishi 6,9 foizni tashkil etishini kutmoqda. Kelgusi yil uchun prognoz ham biroz yaxshilanib, 6,6 foizga yetdi. Nominal ish haqi o‘sishi esa joriy yilda 13,5 foiz, 2027-yilda 13,3 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
O‘zbekistonda inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar barqarorlashib, iqtisodiy o‘sish yuzasidan ekspertlar bahosi biroz yaxshilanmoqda. Bu Markaziy bank tomonidan 2026-yil avgust oyida o‘tkazilgan moliya sohasi ekspertlarining iqtisodiy kutilmalari so‘rovi natijalarida ham o‘z aksini topgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, ekspertlar joriy yilda mamlakat iqtisodiyotidagi real YAIM o‘sishi 6,9 foiz bo‘lishini kutmoqda. Bu iyul oyidagi prognoz — 6,7 foizdan yuqori. Kelgusi yil bo‘yicha ham prognoz biroz yaxshilangan. Xususan, 2027-yilda real YAIM o‘sishi 6,6 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Iyul oyida mazkur ko‘rsatkich 6,5 foiz etib baholangan edi.
Ekspertlarning inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan. Kelgusi 12 oy uchun inflyatsiya kutilmasi 6,6 foiz, kelgusi uch yil uchun esa 5,2 foiz darajasida saqlanib qolgan. Bu ko‘rsatkichlar Markaziy bankning 5 foizlik inflyatsiya maqsadiga yaqinlashib borayotganini ko‘rsatadi. So‘rovda ishtirok etgan ekspertlarning 51 foizi inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga 2027–2028-yillarda erishilishini kutmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichga 2027-yilda yetishiga ishonayotgan ekspertlar ulushi ham oshgan. Agar iyul oyida ularning ulushi 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgustda bu ko‘rsatkich 24,4 foizga yetgan.
Ekspertlarning aksariyati Markaziy bankning navbatdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishini kutmoqda. Bu fikrni so‘rov ishtirokchilarining 80 foizi bildirgan. Iyul oyida esa bunday prognozni bergan ekspertlar ulushi 76 foizni tashkil etgan. Kelgusi 12 oyda asosiy stavka o‘rtacha 13,1 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ekspertlar ish haqi bo‘yicha prognozlarini ham biroz yaxshilagan. Joriy yilda nominal ish haqi 13,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu iyul oyidagi prognoz bilan bir xil. Kelgusi yil uchun esa ish haqi o‘sishi bo‘yicha prognoz 13,1 foizdan 13,3 foizga oshirilgan. Shunday qilib, avgust oyidagi so‘rov natijalari iqtisodiy o‘sish bo‘yicha kutilmalar yaxshilangani, inflyatsiya prognozlari esa nisbatan barqaror shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.
Ekspertlar bahosidagi ushbu o‘zgarishlar iqtisodiyotda o‘sish sur’atlari saqlanib qolayotgani bilan birga, inflyatsiyani bosqichma-bosqich pasaytirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash vazifalari dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA