O‘zbekiston – Indoneziya madaniy rishtasi mustahkamlanmoqda
Indoneziyaning “Voi.id” – (Indoneziya ovozi) nashri O‘zbekiston Madaniyat vazirligi delegatsiyasi ushbu davlatda bo‘lib o‘tgan “Chandi-2025” sammitida ishtirok etgani haqida material e’lon qildi.
Maqolada uch kun davom etgan anjuman doirasida vakillarimiz mavjud o‘zaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazgani ta’kidlangan.

Meros agentligi Vasiylik kengashi raisi Hoshim Sujono Jojohadikusumo betakror Bali orolida tashkil etilgan mazkur tadbir nafaqat mintaqa, balki butun dunyo madaniy hamkorligi rivojiga munosib hissa qo‘shishini qayd etdi. Mamlakatimiz madaniyat vaziri o‘rinbosari Yusufjon Usmonov davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning ko‘p yillik tarixiga to‘xtalib, 2025 yil aprel oyida uyushtirilgan Imom Buxoriy va Sukarnoga bag‘ishlangan teatr tomoshasini madaniy yaqinlashuv dalili sifatida yodga oldi.
– Hamkorlikning 6 yo‘nalishi tayyorlandi: kino ishlash, mutaxassislar almashinuvi, Indoneziyada O‘zbekiston kunlarini o‘tkazish va hokazo, – dedi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari. – Bularning bari o‘zaro anglashuv memorandumida aks etishi kerak.
Kunning ikkinchi yarmida Indoneziya madaniyat vaziri Fadli Zon bilan uchrashuv tashkil qilindi.
– Madaniyat sohasidagi istiqbolli platformaga aylanayotgan “Chandi-2025” anjumanini kelasi yil boshqa shaharda o‘tkazmoqchimiz, – dedi doktor Fadli Zon.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlik yuzasidan qator tashabbuslarni ilgari surishdi.
M.Pirmatova, O‘zA