O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDHda tayanch ta’lim tashkiloti maqomi beriladi
O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi Minsk shahrida o‘tkazilgan MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashi XI majlisida qatnashdi.
Unda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatli davlat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Majlis kun tartibidagi muhim masalalardan biri sifatida O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomini berish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala muhokamasi doirasida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko ta’lim dargohining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, o‘quv ishlari, ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy yo‘nalishlardagi ishlari, mavjud salohiyati hamda istiqboldagi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Kengash a’zolari Akademiyaning kelgusida MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat yurituvchi idoralari, prokuratura, tergov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, sohada ilmiy tadqiqotlar va ekspert-tahliliy ishlarni amalga oshiruvchi yetakchi muassasa sifatidagi salohiyatini yuqori baholadi.
Muhokamalar yakunida Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga MDH ishtirokchi davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tayanch ta’lim tashkiloti maqomini berish tashabbusi kengash a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Kengashning mazkur qarori kelgusida MDH Ijroiya qo‘mitasi hamda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlanishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida Akademiya tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Belarus Respublikasining qator ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasining ilmiy-tadqiqot markazida korrupsiyaga qarshi kurashish, prokurorlik nazorati faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Belarus Respublikasining “Tergov qo‘mitasining malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti” ta’lim muassasasida o‘zaro tajriba almashildi. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida esa ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.
N.Abduraimova,
O‘zA