O‘zbekiston-Hindiston: oliy ta’limdagi keng hamkorlik
Hindiston Davlat tashqi ishlar vaziri, Davlat madaniyat vaziri Minakashi Lekxi xonim boshchiligidagi delegatsiya Buxoro davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonga universitet rektori Obidjon Hamidov hamrohlik qildi.
Dastlab mehmonlar universitetdagi Hind markazi bilan tanishdi. Talabalar tomonidan markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.
Minakshi Lekxi hamda delegatsiya a’zolariga muassasada yaratilgan sharoit, olib borilayotgan islohotlar, universitetning bugungi kundagi faoliyati, respublikada tutgan o‘rni haqida ma’lumot berildi. OTM faoliyatiga bog‘liq istiqbolli rejalar haqidagi fikrlar bilan o‘rtoqlashildi. Suhbatdan so‘ng, mehmonlar asosiy binoda tashkil etilgan talabalarning ijod namunalari – xalq amaliy san’ati hamda tasviriy san’at namunalaridan jamlangan ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdi. Shu asnoda ular San’atshunoslik fakulteti talabalari tomonidan ijro etilgan hind musiqalaridan bahramand bo‘ldi.
– O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari o‘zaro ishonch va xayrixohlik asosida rivojlanmoqda, – deydi universitet rektori O.Hamidov. – Madaniyat va ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida ahamiyat berilmoqda. bugungi uchrashuv ham universitetimizga Hindiston hukumati tomonidan bildirilgan ishonch va hurmat belgisidir. Biz, albatta, bu samimiyat hamda mehribonlikni qadrlaymiz.
Uchrashuv yakunida mehmonlar uchun esdalik sovg‘alari ulashildi. Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Buxoroning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
[gallery-4073]
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA