O‘zbekiston - Gruziya: Qo‘shma ishlab chiqarish va strategik maqsadlar
Ikki davlat o‘rtasida to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va qurilish materiallari sohalarida qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabat so‘nggi yillarda mutlaq yangi bosqichga ko‘tarildi. Tovar ayirboshlash barqaror o‘sib, hamkorlik nafaqat tayyor mahsulotlar savdosi, balki sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish va transport-logistika uyg‘unlashuvi ko‘rinishida strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda ikki davlat Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi ma’lumotiga tayangan holda, ushbu hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari tahliliga e’tibor qaratish joiz.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 117 million dollardan oshdi. Ikki tomonlama strategik rejaga muvofiq, yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 500 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Hozir yurtimizda gruziyalik sarmoyadorlar ishtirokida faoliyat yuritayotgan 69 qo‘shma korxonaning 23 tasi to‘liq xorijiy kapital asosida faoliyat boshlagan.
Global ta’minot zanjiri transformatsiyasi sharoitida o‘zaro sheriklik umumiy iqtisodiy manfaatdorlikning yorqin namunasiga aylanmoqda. Mamlakatimiz uchun Gruziya Yevropa va Qora dengiz portlariga chiqish imkonini beruvchi muhim logistik ko‘prik hisoblansa, ushbu hamkor davlat uchun o‘lkamiz Markaziy Osiyoning eng yirik va jadal rivojlanayotgan bozori hamda ishlab chiqarish xabidir.
Ayni payt to‘qimachilik, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalarida umumiy qiymati 30 million dollardan oshadigan istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tizimli ish olib borilyapti.
Sanoat kooperatsiyasi: ustuvor yo‘nalishlar
Ikki davlat biznes doiralari ishtirokidagi qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari asosan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega to‘rt muhim tarmoqni qamrab olgan.
To‘qimachilik: O‘zbekistonning boy xom ashyo bazasi va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish salohiyati Gruziyaning Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan Erkin savdo rejimi (DCFTA) imkoniyati bilan birlashtirilmoqda. Shu tariqa diyorimizda ishlab chiqarilgan mahsulot Gruziya orqali Yevropa bozoriga bojsiz kiradi.
Oziq-ovqat: Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va qo‘shma brendlar ostida xalqaro bozorga chiqarish bo‘yicha agrologistik loyihalar rivojlantirilmoqda.
Farmatsevtika: O‘zbekiston farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari hududida gruziyalik sarmoyadorlar ishtirokida dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokara va loyihalar faol bosqichga o‘tgan.
Qurilish: Zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari, energiya tejamkor texnologiya asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha ham o‘zaro tajriba va sarmoya almashinuvi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Strategik maqsad – eksport va investitsiya: Sanoat kooperatsiyasi zamirida mamlakatlarimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ikki asosiy maqsad yotadi: O‘zbekiston transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish doirasida Gruziyaning Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. Gruziya orqali o‘tuvchi Trans-Kaspiy transport yo‘li – “O‘rta yo‘lak” bo‘yicha tashilayotgan yuk hajmi yiliga 20-30 foiz ortmoqda. Ayni yo‘nalish o‘zbek korxonalariga mahsulotni Yevropa va Shimoliy Amerika mamlakatlariga an’anaviy yo‘nalishlarga nisbatan ancha qisqa vaqtda yetkazib berish imkonini taqdim etmoqda.
Gruziya sarmoyadorlarining logistika, xizmat ko‘rsatish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sohasidagi tajribasi O‘zbekistondagi qulay sarmoyaviy muhiti bilan integratsiya qilinmoqda. Mamlakatimizda sarmoyadorlar uchun yaratilgan hamda loyiha hajmiga qarab 3-10 yil oralig‘ida beriluvchi soliq va boj imtiyozi gruziyalik tadbirkorlar uzoq muddatli loyihalar uchun mablag‘ kiritishiga zamin yaratmoqda.
Xullas, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari shunchaki savdo aloqalari emas, balki ikki mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi muhim jarayonga aylanmoqda. Qo‘shma korxonalar tashkil etilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport geografiyasini kengaytirish va milliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA