O‘zbekiston eng ko‘p qaysi mahsulotlarni import qilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonning import hajmi yuqori o‘sishni namoyon etdi.
Ayniqsa, mashina va transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari hamda mineral yoqilg‘i importida sezilarli oshish qayd etilgan.
Bu holatni ichki bozordagi talabning ortishi va iqtisodiy faollikning kengayishi bilan izohlash mumkin.
2026-yilning yanvar-mart oylarida mamlakat importi hajmi 12,2 mlrd. AQSH dollarini tashkil qildi.
Import tarkibida asosiy ulush mashina va transport asbob-uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu yo‘nalishda 4,1 mlrd. dollarlik mahsulot olib kirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,9 foizga ko‘p.
Shuningdek, sanoat tovarlari importi 1,7 mlrd. dollarga, kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar esa 1,5 mlrd. dollarga yetgan. Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importida ham yuqori o‘sish kuzatilib, ko‘rsatkich 1,4 mlrd. dollarga yetgan.
Bu yo‘nalishdagi o‘sish 45,9 foizni tashkil etgan. Mineral yoqilg‘i va moylash materiallari importi eng yuqori o‘sish sur’atlaridan birini qayd etdi — 64,4 foiz. Ushbu mahsulotlar hajmi 1,2 mlrd. dollarga teng bo‘lgan.
Bundan tashqari, xizmatlar importi 1,2 mlrd. dollar, turli xil tayyor buyumlar 441,8 mln. dollar, nooziq-ovqat xomashyosi 288,9 mln. dollar miqdorida qayd etildi.
Hisobotda hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar va mumlar importi 46 foizga, ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 42,6 foizga oshgani keltirilgan. “Boshqa tovarlar” toifasidagi import hajmi esa 2,3 barobarga ko‘paygan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA