O‘zbekiston-Belarus: atom energetikasida qo‘shma tashabbuslar ilgari surilmoqda
“O‘zatom” agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 6-aprel kuni Minsk shahridagi Belarus Respublikasi Vazirlar Kengashida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligidagi delegatsiya hamda Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan yaqin va ishonchli munosabatlar strategik ahamiyatga ega qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur tashrif O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga bo‘lgan qat’iy intilishning amaliy ifodasi sifatida baholandi.

Muzokaralarda Belarus Respublikasining atom energetikasi sohasidagi boy tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Belarus AESini barpo etish va samarali ekspluatatsiya qilish borasida to‘plangan amaliy bilimlar, shuningdek, zamonaviy ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasiga ega Ostrovets yo‘ldosh shahrini rivojlantirish tajribasi yuqori baholandi. O‘z navbatida, Belarus tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi jadal ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni e’tirof etib, bu jarayonlar yirik texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, mamlakatimizda barpo etilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasida belaruslik mutaxassislarni texnik maslahatchi sifatida jalb etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, Jizzax viloyatida quriladigan ijtimoiy ob’ektlar hamda atomchilar shaharchasi qurilishida Belarus tajribasidan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Belarus tomoni ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, atom sanoati uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani shakllantirish borasidagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Belarus tajribasini bevosita ob’ektlarda o‘rganishni davom ettirishga kelishib oldi.
Shuningdek, 7-aprel kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Ostrovets shahriga tashrif buyurib, shahar infratuzilmasi hamda Belarus AES maydonchasi bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari atom elektr stansiyasining ilg‘or texnologiyalari, jumladan, zamonaviy reaktor uskunalari, yuqori texnologiyali boshqaruv tizimlari, xavfsizlik va ekspluatatsiya sohasidagi raqamli yechimlarni o‘rgandi. Unda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiluvchi innovatsion trenajyorlar bilan jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot markazi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA