O‘zbekiston – BAA: hamkorlikning yangi ufqlari
Ma’lumki, joriy yilning 26-28 sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vazir o‘rinbosari va mudofaa vaziri, Dubay amirligi valiahdi, Shayx Hamdan bin Muhammad bin Rashid Ol Maktum yurtimizga tashrif buyurib, bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zA muxbiri O‘zbekistonning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdulaziz Aqqulov bilan mazkur tarixiy voqeaning ahamiyati va tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar xususida suhbatlashdi.
– Birinchidan, qayd etish kerak, valiahd 2024 yil iyul oyida Bosh vazir o‘rinbosari va mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangandan so‘ng o‘zining ilk rasmiy tashrifini aynan O‘zbekistonga amalga oshirdi.Har ikki tomon uchun muhim ahamiyatga ega uchrashuvga Amirliklar tomoni puxta tayyorgarlik ko‘rdi, albatta. Tabiiyki, biz ham bu borada bor imkoniyatimizni ishga soldik. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz, o‘tkazilgan uchrashuvlar, Vazirlar forumi va imzolangan hujjatlar nuqtai nazaridan, muloqotlar juda samarali kechishiga hissa qo‘shdi.
Ikkinchidan, tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda, savdo, investitsiya, xavfsizlik va ta’lim kabi muhim sohalarda sheriklikni kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Uchinchidan, muhim moliyaviy bitimlar imzolanishi,turli forumlar o‘tkazilishi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, yurtimizga yangi sarmoyalarjalb qilish va ilg‘or tajribani o‘zlashtirish imkonini beradi.Natijada har ikki mamlakatning iqtisodiy o‘sishi ta’minlanadi.
Xususan, Vazirliklar forumi ko‘plab dolzarb masalalarni muhokama qilish, vazirlar va yuqori martabali boshqa amaldorlar o‘rtasida tajriba almashish uchun noyob platforma vazifasini o‘taydi. Bunday hamkorlik yangi qo‘shma strategiya va tashabbuslar ishlab chiqilishiga zamin yaratadi.
E’tiborli jihati shundaki, BAA Konstitutsiyasiga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari va mudofaa vaziri lavozimlarini egallab turgan valiahd shahzoda kelgusida mamlakat vitse-prezidenti va Bosh vaziri bo‘ladi. Shu jihatdanmazkur tashrif davlatlarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli, o‘zaro ishonchga aslslangan hamjihatlikni kuchaytiruvchi muhim belgi bo‘lib, muayyan siyosiy iroda, yuksak darajadagi hamkorlik istagini ifodalaydi.
Shu bilan birga bu voqea O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarga alohida e’tiborini tasdiqlagan holda, mamlakatimiz dunyoga ochilayotgani, boshqa davlatlar bilan faol hamkorlikka tayyorligini anglatadi.
– Vazirlar forumida qanday masalalar muhokama qilindi?
– “O‘zbekiston-2030” strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilishi respublikamiz uchun ustuvor vazifa ekani shubhasiz. Shu ma’noda biz BAAning uzoq muddatli strategiyalar bo‘yicha boy tajribasiga tayanib, turli sohalardaishchi guruhlar tashkil qildik. Bu belgilangan maqsadlarga tezroq erishishga yordam beradi.
Ishchi guruhlar BAA tomonidan qabul qilinayotgan strategiya va tashabbuslar, shuningdek muayyan kamchiliklarni ham tahlil qildi. Natijalar har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yish imkonini berdi. Bu “O‘zbekiston-2030” strategiyasi amalga oshirilishini yanada jadallashtiradi. Ushbu guruhlar muvofiqlashtirilgan faoliyat yuritgan, loyihalarni boshqargan holda maqsadga erishishda muhim rol o‘ynaydi. BAA bilan tajriba almashish beqiyos ahamiyatga ega, chunki bu bizga yutuqlarni e’tirof etish, xatolardan saboq olib, o‘z taraqqiyot yo‘limizni mukammallashtirishga ko‘maklashadi. Bunday hamkorlik O‘zbekistonga eng kichik tavakkalchilik bilan olg‘a intilish uchun yo‘lochadi.
– Tashrif doirasida qabul qilingan hujjatlar ahamiyatiga to‘xtalsangiz...
– Imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagisheriklikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Bir necha oy davomida ishlab chiqilgan bu hujjatlar turli sohalardagihamkorlikni faollashtirishga qaratilgan. Masalan, Toshkent shahri hokimiyati va Dubay munitsipalitetio‘rtasida imzolangan bitimga muvofiq, shahar infratuzilmasini boshqarish tajribasi,zamonaviy texnologiya va mexanizmlar, jumladan oqova suv tizimini takomillashtirish, maishiy chiqindini qayta ishlash, yo‘l harakatini boshqarish va transport tarmog‘ini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Memorandum doirasida Dubayning muvaffaqiyatli shaharsozlik tajribasini Toshkentda joriy qilish rejalashtirilgan.
– Nima uchun ushbu dastur bo‘yicha hamkor sifatida aynan Dubay tanlandi?
– Avvalo, poytaxt rahbariyati barcha shaharlar tajribasining foydali jihatlarini olishdan manfaatdor. Bu yo‘nalishda Dubay munitsipaliteti hamkorlikka tayyor. Ma’lumki, Dubay shaharsozlik infratuzilmasini boshqarish bo‘yichaulkan tajribaga, ilg‘or texnologiyaga ega. Qolaversa, eng yaxshi amaliyotni o‘zlashtirib, mahalliy sharoitga moslashtirish shahar muhitini ancha yaxshilaydi.
Biz Dubayda qo‘llanayotgan ilg‘or texnologiyani Toshkentga ham ko‘chirishniyatidamiz. Bu nafaqat texnologik yechim, balki shahar infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshiradigan tashkiliy mexanizm ham hisoblanadi.
Dubay transportni boshqarish intellektual tizimi va chiqindini qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or usullari bilan mashhur. Demak, poytaxtimiz ekotizimi kelajakda sezilarli darajada yaxshilanadi.
– Yana qanday kelishuvlarni alohida qayd etish mumkin?
– Yer yuzi bo‘ylab konteyner tashuvlarining 10 foizini ta’minlaydigan, yillik yuk tashish hajmi 81,5 million dona yigirma futli konteynerga teng “DP World” xalqaro logistika kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Kompaniya o‘rganish va muzokaralardan so‘ng Toshkent shahri hokimligi bilan shahar atrofida logistika klasteri tashkil etishga rozi bo‘ldi. Bu kelishuv mamlakatimizning xalqaro yuk tashish bozoridagi o‘rnini sezilarli darajada mustahkamlaydi. “DP World” eng yirik kompaniyalardan biri sifatida nafaqat ilg‘or tajriba va texnologiyani o‘zlashtirish, balki dunyoviy logistika va savdo hamkorlari keng tarmog‘iga ham kirish imkoninitaqdim etadi. Natijada bizda logistika xizmati sifati yaxshilanadi, transport xarajati keskin kamayadi, o‘zbek mahsulotlari eksport salohiyati oshadi. Xullas, Toshkentni tranzit xabiga aylantirish istiqboli haqiqatga aylanmoqda.
Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi muhim savdo yo‘llari chorrahasidagi O‘zbekiston strategik jihatdan qulay geografik joylashuvga ega. Logistika infratuzilmasini rivojlantirish mamlakatni yuk tashish uchun muhim markazga aylantirishi mumkin.Eng muhimi, bunday loyihalar samarasi o‘laroq,minglab yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, mahalliy biznes faollashadi.Bu natijalar butun mintaqa iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Umid qilamizki, “DP World” kompaniyasi bilan hamkorlik kutilgan natijalarni beradi va O‘zbekiston farovonligiga xizmat qiladi.
– Ta’lim yo‘nalishida imzolangan hujjatning O‘zbekiston uchun manfaatli jihatiga to‘xtalsangiz?
– BAA Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vazirligi hamda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadamdir. Ushbu hamkorlik ham talabalar, ham o‘quv muassasalari uchun ijobiy samara beradi.
Xususan, BAA bilan tajriba, o‘qituvchilar va ilg‘or amaliyot almashish tufayli O‘zbekistonda ta’lim sifatini sezilarli darajada yaxshilashga erishish mumkin. Zero, Amirliklar jahon miqyosida o‘ta zamonaviy ta’lim muassasalari va yuqori o‘quv standartiga ega davlat hisoblanadi.
Bundan tashqari, har ikki mamlakat diplomlari o‘zaro tan olinishi bitiruvchilarning ham O‘zbekistonda, ham BAAda, shuningdek xalqaro miqyosda ham ishga joylashish imkoniyatini ancha kengaytiradi. Bu ayniqsa globallashuv va ishchi kuchi safarbarligi oshayotgan bugungi sharoitda juda muhim.
Kelishuv asosida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari soni, akademik almashinuv va talabalar stipendiyasi miqdori oshiriladi. Xalqlarimiz madaniy almashinuvi kengayib, hamjihatlik mustahkamlanadi. Qayd etish joiz, bunday tashabbuslar ta’lim sektoriga xorijiy talabalar va sarmoyadorlar e’tiborini jalb qiladi. Natijada soha yanada rivojlanadi, modernizatsiya jarayoni tezlashadi.
– Ikki mamlakat savdo-iqtisodiy munosabati joriy holatiga qanday baho bergan bo‘lardingiz?
– O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi munosabat barqaror rivojlanib, so‘nggi yillarda strategik darajaga ko‘tarildi.Davlatlar rahbarlari o‘rtasidagido‘stona munosabat barcha yo‘nalishlarda taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Turli geosiyosiy voqealar sabab yuzaga chiqayotgan muammolarga qaramay, hozirgi kunda yurtimizda “Masdar”, “Mubadala”, “DP World” kompaniyalari, Abu-DabiTaraqqiyot jamg‘armasi va BAAning boshqa kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirmoqda. Sarmoyaviy hamkorlik an’anaviy va muqobil energetika, infratuzilma, suv va qishloq xo‘jaligi, transport va logistika kabi muhim sohalarni qamrab olgan. So‘nggi 6 yilda BAA va O‘zbekiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshib, 2017 yildagi 115 million dollardan 2023 yilda 625 million dollarga yetdi.
2022 yil davomida o‘zaro tashqi savdo 519 million dollarni tashkil etib, unda O‘zbekistondan yuborilgan mahsulotlar va xizmatlar eksporti ulushi 123 million dollar (24%)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning 7 oyi davomida tashqi savdoda (383 mln. doll.) o‘zaro eksport va import balansi deyarli tenglashib, eksport ulushi 189 million dollar (49,3%)ni tashkil etdi.
Bunda, mahalliy tadbirkorlarning BAAdagi xalqaro ko‘rgazmalardagi samarali ishtiroki, aviaqatnovlar soni oshishi va BAAning import salohiyati hamda mahsulot va xizmatlarni reeksport qilish tajribasi qo‘l kelmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 300 dan ziyod kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu raqam muntazam o‘sib, mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalari rivojini ta’minlamoqda.
– Batafsil ma’lumotlar va javoblar uchun tashakkur.
Durdona Solihova suhbatlashdi.
O‘zA