O‘zbekiston – BAA hamkorligi mushtarak qadriyatlarga tayanadi
Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanmoqda. Mavjud aloqalarni mustahkamlash maqsadida BAAning mamlakatimizdagi elchixonasi muntazam ravishda madaniy tadbirlar tashkil etib, jamoatchilikni Amirliklar tarixi, urf-odati va qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirib kelmoqda.
Davlatlararo madaniy muloqot xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtasini mustahkamlash, turizm salohiyatini oshirish va iqtisodiy sheriklik ko‘lamini kengaytirishda muhim omil hisoblanadi. Mushtarak diniy qadriyatlardan kelib chiqib, Elchi Said Matar Al-Qamziy Ramazon oyi munosabati bilan iftorlik marosimi tashkil etdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, shuningdek Xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rahbariyati, Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi.
Diplomat mehmonlarga Amirliklarning Ramazonga xos milliy an’analari va qadriyatlari haqida so‘zlab berdi. O‘zbekiston va BAAda ushbu ulug‘ oy bilan bog‘liq urf-odatlarning o‘xshash jihatlari e’tirof etildi.
[gallery-27829]
Marosim yakunida O‘zbekiston va BAA hamkorligini yanada chuqurlashtirish, umumuiy sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda kelgusida birgalikda qo‘shma loyihalar, madaniy dasturlar amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Musulmon Ziyo,
Nosirjon Xaydarov (surat), O‘zA