O‘zbekiston-AQSH: 267 million dollarlik “Piskent Texnopark” loyihasi muhokama qilindi
Nyu-York shahrida o‘tkazilayotgan Barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev qator xorijiy kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Ana shunday muzokaralardan biri AQSHning “RS Capital Engineering” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda suv xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, nasos stansiyalarining energiya samaradorligini oshirish, nasoslar, turbinalar, generatorlar, yuqori kuchlanishli elektr dvigatellari va boshqa zamonaviy elektrotexnik uskunalarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda texnologiyalar transferini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda vazir Prezident tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, tarmoq infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sohaga investitsiyalarni jalb etish borasidagi ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-maqsadi - “Toza suv va sanitariya” yo‘nalishida erishgan yutuqlari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotgani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, mamlakatimizning mazkur yo‘nalishda to‘plagan ilg‘or tajribasi Nyu-York shahrida o‘tayotgan Barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forum doirasida xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etilmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirligi Xalqaro aloqalar va JST masalalari bo‘limi bosh mutaxassisi Temur Bahranovning ta’kidlashicha, muzokaralarda umumiy qiymati 267 million AQSH dollarini tashkil etuvchi “Piskent Texnopark” investitsiya loyihasini amalga oshirish istiqbollari ham muhokama qilingan.
– Biz muzokaralar chog‘ida mazkur loyihani amalga oshirishning barcha jihatlarini atroflicha ko‘rib chiqdik. Loyiha doirasida zamonaviy elektrotexnik uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yuqori texnologiyali sanoat quvvatlarini yaratish, servis xizmatlarini rivojlantirish, muhandis kadrlar tayyorlash va mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. “RS Capital Engineering” kompaniyasi vakillari AQSH hamda boshqa mamlakatlarda amalga oshirgan yirik sanoat loyihalari tajribasini taqdim etib, zamonaviy muhandislik yechimlari va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Vazirlik mamlakatimizda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda kompaniya bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor, – dedi T.Bahranov.
Uchrashuv yakunida “RS Capital Engineering” kompaniyasi rahbariyati joriy yil kuzida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi hamda “Water Tech Expo 2026” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif etildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA