O‘zbekiston aholisining 27 foizi chorvachilik bilan shug‘ullanmoqda
Chorvachilik aholini go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashda eng muhim soha hisoblanadi. So‘nggi uch yilda chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun tasdiqlangan hujjatlar va dasturlar asosida qiymati 22,5 trln. so‘mlik 5 ming 537 ta loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalar doirasida xorijdan 117,5 ming bosh qoramol va 143 ming bosh qo‘y-echkilar olib kelinib, parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimizning 2023 yil 24 avgustdagi tegishli qaroriga asosan chorvachilikka ixtisoslashgan 14 ta tumanda 250 mlrd. so‘mlik 14 ta yirik chorvachilik klasterlari tashkil etildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining «O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.
Axborotda keltirilishicha, respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan chorvachilik sub’ektlari soni 19 ming 55 taga, naslchilikni rivojlantirish maqsadida naslchilik toifasiga kiruvchi xo‘jaliklar soni esa 1 ming 171 taga yetkazildi. Joylarda 1 ming boshdan ortiq qoramolchilik xo‘jaliklari soni 174, 500-1000 boshli xo‘jaliklar 270, 300-500 boshli xo‘jaliklar soni esa 660 tani tashkil etdi.

Respublika aholisining 9,8 mln. nafari (umumiy aholining 27 foizi) chorvachilik bilan shug‘ullanmoqda. Eng muhimi, ushbu soha ularning asosiy daromad manbaiga aylangan.
Chorva mollari ozuqa bazasini mustahkamlash soha rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada ajratilgan ekin maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida har bir gektar maydondan 3 martagacha hosil olish texnologiyasi joriy etilgan. Jumladan, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 430,2 ming gektar maydonga bahorgi ozuqa ekinlari va g‘alladan bo‘shagan 244 ming gektar maydonga takroriy makkajo‘xori ekilgan. Ushbu maydonlardan yil yakuniga qadar 26 million tonna dag‘al va shirali ozuqalar jamg‘ariladi.
Muhokamalarda deputatlar chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini yanada takomillashtirish, chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash, veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berdi.
M.Komilova,
O‘zA