O‘zbekiston aeroportlari yaqinida havo sifatini nazorat qilish stansiyalari o‘rnatilmoqda
“Uzbekistan Airports” AJ mamlakat aeroportlari yaqinida atmosfera havosi sifatini avtomatik monitoring qilish tizimini joriy etmoqda.
Qayd etilishicha, hududlarda monitoring stansiyasini o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, joriy yil 15-oktabr kuni Farg‘ona aeroporti yaqinida monitoring stansiyasi o‘rnatildi. 9-oktabr kuni esa Samarqand aeroporti hududida shunga o‘xshash uskunalarni o‘rnatish va sozlash ishlari yakunlandi. Kelgusida boshqa aeroportlar yaqinida ham bunday stansiyalarni o‘rnatish rejalashtirilgan.
Uskunalar aeroportlarning sanitariya-muhofaza zonalarida joylashtirilib, atmosfera havosi holatini kecha-yu kunduz kuzatishga mo‘ljallangan. Stansiyalar azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ozon, ammiak va vodorod sulfid kabi ifloslantiruvchi moddalar, shuningdek, mayda PM2.5 va PM10 zarrachalarining havodagi konsentratsiyasini o‘lchaydi. Shu bilan birga, tizim havo harorati va namligi, atmosfera bosimi, shamol tezligi hamda yo‘nalishini ham qayd etadi.
O‘lchov natijalari avtomatik tarzda atrof-muhit monitoringi yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga uzatiladi. Bu esa aeroportlar atrofidagi havo sifati o‘zgarishlarini muntazam kuzatish va ekologik holatni baholash imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA