“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida advokatlar sonini 2000 nafarga ko‘paytirish belgilangan
Advokatura – har bir shaxsning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ta’minlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizda advokatura institutini takomillashtirish, uning huquqiy poydevorini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hamkorligida advokatlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, olimlar, O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasi mas’ullari, Adliya vazirligi, sud va tergov organlari vakillari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi.
Muloqotda qo‘mita raisi Jahongir Shirinov demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatida advokatura instituti muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi:
— Yurtimizda advokatura institutini rivojlantirish, ularning mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, advokaturaning huquqiy maqomi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi. Ya’ni, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatishi, uning faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanishi belgilangan. Shuningdek, advokat o‘z kasbiy vazifalarini bajarayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, advokatning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘lishi mustahkamlangan, — dedi Jahongir Shirinov.
Shuningdek, tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham advokatura institutining chinakam mustaqilligini ta’minlash borasida vazifalar belgilanganiga urg‘u qaratildi. Jumladan, Strategiyada advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy va xalqaro standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etish, advokatlar sonini kamida 2000 nafarga ko‘paytirish, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi darajasini kamida 50 foizga yetkazish kabi muhim vazifalar aks etgan.
Muloqotda mamlakatimizda advokatura institutini takomillashtirish, uning huquqiy poydevorlarini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Advokatlarning ish jarayonida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga oid amaliy taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.
M.Komilova, O‘zA