“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi o‘rganilmoqda
Andijonda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan muhokama yig‘ilishida viloyat boshqarmalari, oliy o‘quv yurtlari, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda kelgusi 7 yil davomida mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari atroflicha muhokama qilindi.
– Keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi mamlakatimizning kelgusi yetti yil davomidagi rivoji asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Diyorbek Turg‘unov. – Strategiyada uning maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan.
[gallery-13094]
Ishtirokchilar tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalarida muddatlar va ijrochilar kesimidagi amaliy vazifalar, erishiladigan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va strategiyani amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati shakllantirilishi va tasdiqlanishi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilarga “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yo‘nalish va maqsadlari aks ettirilgan infografikalar to‘plami taqdim etildi. Muhokama davomida Strategiyani amalga oshirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha, jumladan, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish, mahalla byudjeti tizimini to‘liq ishga tushirish, davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, suvni ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, respublika hududining yashillik darajasini 30 foizga yetkazish kabi qator maqsadli ko‘rsatkichlar muhokama qilinib, fikr va mulohazalar bildirildi.
Strategiyaning maqsad-mazmunini targ‘ib etish, aholining huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilardan loyihalar muhokamasida faol ishtirok etishlari, o‘z takliflarini regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallariga yuborishlari mumkinligi aytib o‘tildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA