O‘zbekictonda texnik tartibga solish sohasi raqamlashtirilmoqda va xalqaro standartlar joriy etilmoqda
Texnik jihatdan tartibga solish agentligida respublikada deklarantlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoni bilan texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan isloh qilishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilayotgani alohida ta’kidlandi.
Ushbu farmonga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator yengilliklar yaratildi. Xususan, eksport bozorlarida talab etiladigan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholashga ruxsat berildi, muvofiqlikni baholash sohasida davlat ishtiroki qisqartirildi, akkreditatsiya ajratmalari 2,5 barobar kamaytirildi hamda "Sifat bo‘yicha ko‘makchi" elektron platformasi ishga tushirildi.
2026–2028-yillarda 7 865 ta xalqaro standart qabul qilinishi, 2 032 turdagi mahsulotni majburiy sertifikatlash bosqichma-bosqich bekor qilinishi va ularni texnik reglamentlar asosida baholash tizimiga o‘tish belgilangan.
2027-yil 1-yanvardan boshlab "Conformity Uzbekistan (CUz)" milliy muvofiqlik belgisi joriy etiladi. Shuningdek, mahsulotlarni baholashda xavf-xatarga asoslangan yondashuv, modulli muvofiqlikni baholash tizimi hamda zamonaviy bozor nazorati mexanizmi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Sohada raqamlashtirish ishlari ham izchil davom etmoqda. TRIS.UZ milliy axborot tizimi orqali standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiya va davlat nazorati jarayonlari yagona elektron platformaga birlashtirildi. Bugungi kunda tizim orqali 100 dan ortiq sertifikatlashtirish organi, 400 dan ziyod laboratoriya va 4,5 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda.
Tizimda 261 mingdan ortiq elektron ariza qabul qilinib, 1 milliondan ziyod sinov bayonnomasi va 187 mingdan ortiq muvofiqlik sertifikati elektron shaklda rasmiylashtirildi. Bu esa xizmatlar ko‘rsatish muddatini qisqartirish, inson omilini kamaytirish va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-30544]
Iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida blacklist.tris.uz – "Nomuvofiq mahsulotlar reyestri" ishga tushirildi. Reyestrga hozirga qadar 176 ta nomuvofiq mahsulot kiritilgan bo‘lib, u davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, 1880 qisqa raqamli koll-markaz orqali tadbirkorlar va fuqarolarga doimiy maslahat xizmati ko‘rsatilmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida O‘zbekiston IECEE xalqaro tizimiga a’zo bo‘ldi hamda IQNet xalqaro sertifikatlash tarmog‘iga qo‘shildi. Bundan tashqari, SGS, Intertek, Bureau Veritas va TÜV kabi nufuzli xalqaro muvofiqlikni baholash tashkilotlarini mamlakatimizga jalb qilish ishlari olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish hamda iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA