“O‘zbekgidroenergo” AJ: joriy yilda 38 ta loyiha foydalanishga topshiriladi
Bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumani “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi rejalar” mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda so‘zga chiqqan “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev mamlakatimiz aholisining turmush farovonligini yuksaltirishda gidroenergetika tarmog‘i yildan-yilga samarali sohaga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Aytish joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tashkil topgandan buyon yangi qurilish va modernizatsiya loyihalariga qariyb 1 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Jalb qilinayotgan keng ko‘lamli kapital qo‘yilmalari va chet el investitsiyalari hisobiga eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi GESlar barpo etilmoqda.
– Jamiyatimiz tomonidan bugungi kunga qadar umumiy quvvati 430 MVtga teng bo‘lgan 55 ta GES foydalanishga topshirildi. Shundan 42 ta yangi GES qurilgan bo‘lsa, 13 ta mavjud GES zamonaviy talablar asosida to‘liq modernizatsiya qilindi. E’tiborli jihati, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi yillarda nafaqat yurtimizda, balki MDH davlatlari orasida ham salmoqli natija hisoblanadi. Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida jamiyat tasarrufidagi jami GESlar soni 77 taga yetkazilib, mavjud quvvatlar 2,256 GVtga oshirildi. Mazkur ko‘rsatkichlar jamiyat faoliyatiga ijobiy ta’sir etib, 2024 yil yakuni bilan umumiy aktivlar qiymati ilk bor 1 milliard 200 million dollarga yetkazildi. 2017 yil bilan taqqoslanganda, jami aktivlarimiz qiymati 4 barobarga oshdi. Bu bilan jamiyatning xalqaro miqyosdagi “kredit yelkasi” ishonchlilik darajasi yanada mustahkamlanib, 2,5 koeffitsiyentni tashkil etdi, – dedi jamiyat boshqarma boshlig‘i Avazbek Zokirov.
[gallery-22508]
2024 yilda tizimdagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 8,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2023 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p. Ta’kidlash kerakki, amalga oshirilgan yangi loyihalar hamda modernizatsiya chora-tadbirlari hisobiga 2024 yildagi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 100 yillik tarixga ega gidroenergetika faoliyatida eng yuqori – rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi o‘rnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti 41 foizdir. 2024 yilda tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan tushum 4 053 milliard so‘mni tashkil etdi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ milliy elektr tarmoqlariga elektr energiyasini yetkazib berish asnosida yirik soliq to‘lovchi sifatida o‘tgan yilning o‘zida davlat byudjetiga qariyb 1 trillion so‘mlik soliq va boshqa to‘lovlarni amalga oshirdi.
E’tiborlisi, o‘tgan yil tashkilotda Vaziyatlar markazi ishga tushirildi. Tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimi joriy etildi hamda Vaziyatlar markaziga ma’lumotlar onlayn uzatilishi ta’minlandi. Qayd etish joizki, soha avtomatlashtirilib, deyarli to‘liq raqamlashtirilishiga erishildi.
– “O‘zbekgidroenergo” AJ “Fitch Ratings”ning “BB-” xalqaro kredit reytingini barqaror suveren darajada saqlab kelmoqda. Oshkoralikni ta’minlash uchun tashkilotimiz doirasida xaridlar jarayonlari forenzik auditdan o‘tkazilib, “Deloitte” kompaniyasining ijobiy xulosasi olinishiga erishildi. Mana uchinchi yildirki, jamiyat korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi ISO 37001 xalqaro standarti bo‘yicha muvofiqlik sertifikatiga ega. “Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG)” nufuzli xalqaro reytingi 2023 yilda mamlakatimiz sanoat korxonalari orasida jamiyat tomonidan birinchi bo‘lib qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu xalqaro reyting maqomi 72 ball bilan yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarildi va bu bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ldi, – dedi jamiyat bo‘lim boshlig‘i Lazizxo‘ja Usmonov.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA