O‘zbek za’faroni sertifikati muddati uzaytirildi
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan “BMB ZA'FARON” mahsuloti yana bir yillik muddatga “USDA ORGANIC” sertifikatiga ega bo‘ldi.
Yevropalik mutaxassislar tomonidan Jizzax viloyatining Baxmal tumani dalalaridagi za’faron plantatsiyalarida o‘tgan 2024 yilgi mahsulotini ekish, yetishtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, terib olish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash jarayonlari to‘liq o‘rganib chiqildi.
O‘zbek za’faroni mahsuloti Yevropaning eng murakkab bo‘lgan sinov laboratoriyalarida bir necha marotaba tekshiruvlardan o‘tkazilib, ulardan muvaffaqiyatli o‘tdi va oliy sifat deb topildi. Ana shu tekshiruvlardan so‘ng “Control Union Certifications” (Niderlandiya) tashkiloti tomonidan berilgan “USDA ORGANIC” sertifikatining muddati yana bir yilga uzaytirildi.

“USDA ORGANIC” – bu AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikat bo‘lib, ushbu sertifikatlash faqat malakali va vakolatli “USDA ORGANIC” xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. “USDA” yoki Milliy organik standart mamlakat fuqarolarini sog‘lom va tabiiy organik mahsulotlar iste’moliga o‘tkazish uchun noyob milliy dasturning bir qismi sifatida qabul qilingan.
Bugungi kunda “USDA ORGANIC” deb belgilangan mahsulotlar 100 foiz ekologik toza, tabiiy ingrediyentlarni o‘z ichiga olishi kafolatlanadi.
Shuningdek, AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi O‘zbekistondan AQSHga “BMB Zaʼfaron” brendi ostida Baxmal dalalarida yetishtirilgan za’faron mahsulotini import qilishiga ruxsat etildi.
Endilikda “BMB Zaʼfaron”ning eksport geografiyasi yanada kengayib, xalqaro bozorlarda yangi imkoniyatlar eshigi ochildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri