O‘zbek va koreys xalqining faxri va iftixori
O‘rta Chirchiq tumanida ikki karra mehnat qahramoni Kim Pen Xva tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Ibrohim Xolmatov, Toshkent viloyat va O‘rta Chirchiq tuman mas’ullari, hududdagi koreys madaniy markazi faollari va aholisi qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi yillarda hududda g‘alla, sholi, paxta, makkajo‘xori ekin maydonlarini kengaytirish, ekinlar hosildorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. O‘z mehnati bilan nafaqat aholi farovonligiga hissa qo‘shgan, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi tashkilotchisi, dehqonchilik amaliyotining yetuk ustasi Kim Pen Xva ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ldi. U 1937 yildan umrining oxiri – 1974 yilgacha tumandagi “Polyarnaya zvezda” kolxoziga rahbarlik qildi.

Uning sa’y-harakatlari bilan mazkur tuman bo‘yicha ko‘p yillar mobaynida paxta, sholi, kanop va boshqa ekinlardan yuqori hosil olishga erishildi. Shu bilan birga, “Paxtadan mo‘l hosil yetishtirish tajribasi”, “Ma’murchilik yo‘lida” kitoblar muallifidir. Uning mehnatni tashkil etishdagi ilg‘or tajribasi dunyo miqyosida ham ma’lum va mashhur bo‘lgan. Shu sababli ham bu xo‘jalikka davrning mashhur insonlari Sharof Rashidov, Fidel Kastro kabi davlat rahbarlari, birinchi fazogir Yuriy Gagarin, jahon boks qiroli Muhammad Ali singari shaxslar tashrif buyurgan.

Kim Pen Xva o‘zbek va koreys xalqining faxri va iftixori. Hozirgi kunda uning nomi berilgan shu hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini bor va uning markazida muzey tashkil etilgan. Bu yerda unga bronza byust ham o‘rnatilgan.
– Bu inson o‘z mehnati bilan hudud rivoji uchun katta hissa qo‘shib, xalqimiz orasida e’tibor qozongan. Tadbir davomida ham uning amalga oshirgan ishlari xotirlandi. O‘sha davrlarda ham barcha xalqlar hamjihatlikda yashab, kelgani, bayramlari, to‘ylari birga o‘tganini muzeydagi suratlardan ko‘rish mumkin. Hozir ham Toshkent viloyatida koreys, qozoq, tojik, qirg‘iz kabi 30 dan ortiq davlat ro‘yxatidan o‘tgan milliy madaniy markazlar do‘stlikni tarannum etmoqda. Ular tashkil qilayotgan bayram va ijtimoiy tadbirlarda faol qatnashadi, – deydi O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Ibrohim Xolmatov.

Tadbir ishtirokchilari uning xotirasiga hurmat ko‘rsatdi va byust poyiga gullar qo‘yildi. Shundan so‘ng barcha muzeyda tarixni aks ettirgan eksponatlar, esdalik fotosuratlari bilan tanishdi.
A.Musayev,O‘zA.