O‘zbek tilshunosligi jonkuyar targ‘ibotchisi
O‘zbek tilining davlat tili maqomi sifatidagi darajasi va mavqeyini oshirish, yuksak salohiyati va nufuzini ko‘tarishga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda yosh olima o‘zbek tilshunosligida yangi yo‘nalishlardan biri bo‘lgan lingvokulturologiya va badiiy asarlarda diskurslarning o‘rni mavzusida ma’ruza qildi.
Xorijdan tashrif buyurgan lingvist olimlarning favqulodda e’tirofiga sazovor bo‘lgan yosh olima yaqin 4-5 yil ichida sotsiolingvistika, sotsiopragmatika, lingvodidaktika, kognitiv tilshunoslikda ilmiy yangiliklar qilishini, o‘z izidan salohiyatli, iqtidorli yoshlarni ergashtirishini hech kim o‘ylamagan edi. Darhaqiqat, u o‘zbek tilshunosligining zabardast olimlari Ayub G‘ulomov, Shavkat Rahmatillayev, Hamid Ne’matov, Shonazar Adburahmonov, Yormat Tojiyev, Azim Hojiyev, Ra’no Sayfullayevalarning munosib izdoshi bo‘ldi. Tilshunoslikni yangi pog‘onaga olib chiqqan bu olima filologiya fanlari doktori, professor Laylo Raupovadir.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan Laylo opa maktabda olgan bilim va ko‘nikmalarini Toshkent davlat universiteti (hozirgi milliy universitet) o‘zbek filologiyasi fakultetida davom ettirdi. Tilshunoslikka bo‘lgan qiziqishini ko‘rgan ustoz professor Ra’no Sayfullayeva yosh olimaga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oldi. O‘z ustida izlangan va tilshunoslikka doir manbalarni atroflicha o‘rgangan Laylo Raupova 1999 yilda “O‘zbek tilida nomustaqil kesim masalasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bu olima hayotida yangi sahifa ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi uning “O‘zbek adabiy tili” (leksikografika), “Diskursiv talqinda polipredikativ birliklar” boshlang‘ich ta’limda ona tili nomli darsliklari va bir necha o‘quv qo‘llanmalari ko‘p o‘tmay talaba yoshlar qo‘liga yetib bordi.
O‘zbek tilshunosligida sotsiopragmatika, sotsiolingvistika, kognitiv tilshunoslik diskurs va uning lisoniy xususiyatlari yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borgan Laylo Raupova 2012 yilda “Dialogik diskursdagi polipredikativ birliklarning sotsiopragmatik tadqiqi” mavzusida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. O‘z ilmiy-ijodiy faoliyati davomida Laylo Raupova 300 dan ziyod ilmiy-uslubiy ishlar, jumladan 6 ta darslik 5 ta monografiya 15 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 8 ta o‘quv metodik qo‘llanma, 250 dan ilmiy maqolalar chop etgan. Yosh olima dunyoning 1000 talik eng yaxshi reytingidan joy olgan universitetlarda, jumladan, Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya va Qozog‘iston davlatlarining oliy ta’lim muassasalarida o‘z ilmiy yangiliklari bilan mahorat darslari o‘tkazib kelmoqda. Faoliyati davomida ustoz “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Ma’naviyat fidoyisi”, “Alisher Navoiy” nomidagi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Ilmdan baxt-iqbol topgan ustoz Laylo Raupova bugun 50 yoshni qarshilamoqda. Tilshunos olimamizga mustahkam sog‘lik, ijodiy va ilmiy parvoz tilaymiz. U kishidan kelgusida yangi-yangi ilmiy tadqiqotlar kutib qolamiz.
Mehriniso Xolmurodova,
O‘zbekiston davlat Xoreografiya
Akademiyasi dekani, filologiya
fanlari bo‘yicha falsafa doktori