O‘zbek tili darsligi Koreyada o‘qitiladi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari fan va ta’lim integratsiyasini ta’minlash ishlariga ham faol hissa qo‘shmoqda.
bugungi kunda institut ilmiy xodimlari tomonidan tayyorlangan o‘zbek tili, adabiyoti va folkloriga oid darsliklardan ta’limning turli bo‘g‘inlarida foydalanilmoqda. Shu kunlarda institutning Sotsiolingvistika bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Yorqinjon Odilovning Janubiy Koreyaning Hankuk universiteti professorlari Aziza Mashrabbekova hamda Leye Jiyeon bilan hamkorlikda tayyorlangan “O‘zbek tili. Standart darslik” nomli qo‘llanmasi nashrdan chiqdi.
Ushbu darslik V2 darajasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda koreys talabalarining o‘zbek tili grammatik tuzilmalarining turli variantlaridan foydalangan holda dolzarb, ijtimoiy ahamiyatli mavzularda professional muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsad qilingan. Darslikdagi mashq va topshiriqlar oldin o‘rganilgan grammatik shakl va qurilmalardan nutqda erkin foydalanish malakalarini egallash va ularni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Unda tegishli mavzular doirasida o‘quvchilarning lug‘at boyligini oshiradigan materiallar berilgan. Darslikda hal qilinayotgan kommunikativ vazifalar tarkibini murakkablashtirish orqali lingvistik kompetensiyani shakllantiradigan o‘quv topshiriqlari taqdim qilingan.
Mualliflar talabalarga avval o‘rganilgan grammatik qoidalarni takrorlashga yordam beradigan topshiriqlar bilan birga, ko‘makchi fe’llar, o‘zlik olmoshlari, darslikning darajasiga muvofiq ravishda yangi faol qurilma va iboralar bo‘yicha yangi materiallarni berganlar. Darslikning “Ilova” qismiga qoliplashgan birikma va birikuvlar, ko‘makchi fe’lli qo‘shilmalar, undov so‘zlar, o‘zbek tili tinish belgilari va boshqa foydali ma’lumotlar kiritilgan. Bu orqali o‘quvchilarga turli kommunikativ vazifalarni hal qilishda zarur til vositalarining to‘liq to‘plamini taqdim etishga harakat qilingan. Har bir mavzuga o‘zbek madaniyatini tarannum etadigan qiziqarli matnlar tanlangan.
O‘zA