O‘zbek shoirasining kitobi Albaniyada ham e’tirof etildi
Taniqli o‘zbek shoirasi, O‘zbekiston va Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xosiyat Rustamovaning Amerikada chop etilgan “Meni yuraklardan izlang” nomli she’riy kitobi haqida Albaniyadagi nufuzli adabiy nashr – ExLibri jurnalida bir sahifa tahliliy maqola e’lon qilindi.
Mazkur maqola muallifi dunyoga mashhur adabiyotshunos Fatbardh Amursi shoira Xosiyat Rustamova ijodining o‘ziga xos jihatlari haqida to‘xtalib, betakror yurtimizning go‘zal manzaralari va o‘zbek xalqining yuksak milliy qadriyatlari, samimiy va toza tuyg‘ular, mehr va sadoqat xususida batafsil ma’lumotga ega bo‘lganini yozadi.
Bu, albatta, bugungi o‘zbek she’riyatiga munosib e’tirofdir.

Muallif Xosiyat Rustamova she’rlarining dunyoga keng tanilishi va e’tirof etilishining asosiy sababi uning ijodida insoniyatga taalluqli ezgu g‘oyalar, pokiza tuyg‘ular ustuvorligini ta’kidlaydi.
Xosiyat Rustamova – bir necha ssenariylar, dramalar, ko‘plab she’riy to‘plamlar muallifi.
Ijodkor – “Shuhrat” medali hamda “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti sohibasi. Shoira Rossiya Yozuvchilar uyushmasining nufuzli „Oltin Ritsar“ kabi mukofoti bilan ham taqdirlangan. Kolumbiyaning The World Poet Movement (Jahon she’riyati harakati)ning O‘zbekistondagi kordinatori sanaladi.
Xosiyat Rustamovaning «Osmondagi uy» (1997), «Najot» (2003), «Rido» (2004), «Devor» (2006) va boshqa shu kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bu kitoblar adabiyot muxlislari tomonidan sevib mutolaa qilinadi.
Xosiyat opa Marina Svetayeva, Anna Axmatova, Boris Pasternak va boshqa ko‘plab ijodkorlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
X.Rustamovaning samimiy, yurakdan joy oluvchi she’riy to‘plamlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, bir qator xalqaro mukofotlarga munosib topilgan.
N.Usmonova, O‘zA