O‘zbek qilichbozlari jahon arenalarida
Xabaringiz bor, qilichbozlik sportining shpaga, sablya, rapira yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida San-Salvador, Bahrayn, Eron va Turkiya davlatlarida bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi bosqichlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Shu munosabat bilan mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasi Milliy olimpiya qo‘mitasida so‘ngi yillarda mamlakatimizda qilichbozlik sportining jadal rivojlanishi va Milliy terma jamoasining jahon sport arenalarida erishayotgan yutuqlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanini o‘tkazdi.

Anjumanda, bugungi kunda mamlakatimizda qilichbozlik sport turi yoshlarimizning eng sevimli sport turiga aylangani, ular orasida yuqori natijalar qayd etayotgan sportchilarning soni ortayotgani haqida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, mamlakatimizda mazkur sport turiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida terma jamoamiz a’zolari xalqaro maydonda yuksak natijalarga erishayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bugun qilichbozlik bo‘yicha milliy terma jamoamiz a’zolari turli xalqaro musobaqalarda yurt sharafini yuksaltirmoqda. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, noyabr oyining dastlabki kunlarida qilichbozlikning shpaga, sablya, yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Jahon kubogi bosqichlarida vakillarimiz 6 oltin va 2 bronza medallarni jamg‘ardi.
– Eron poytaxti Tehron shahrida sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan Jahon kubogida barcha raqiblarimni yengib oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi Islombek Abdazov. – Mazkur musobaqa oldidan murabbiylarimiz bilan jiddiy shug‘ullandik. Fursatdan foydalanib biz sportchilarga barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan sportimiz mutasaddilariga o‘z minnatdorligimni bildirib qolaman. Nasib qilsa, kelgusida jahon va qit’a chempionatlari va Osiyo hamda Olimpiya o‘yinlarida ham oltin medallarni qo‘lga kiritishga intilaman.
Anjumanda joriy yilning 18-19 noyabr kunlari Toshkent shahrida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasida Jahon kubogi o‘tkazilishi va unga ko‘rilayotgan tayyorgarliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA