O‘zbek milliy madaniyati Daniyada namoyish etildi
Kopengagen shahrida joylashgan Daniya texnika universitetida “Turkiy xalqlar madaniyati kechasi” bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir doirasida ushbu mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan diaspora tashkilotimiz - “O‘zbek tashabbuslari” uyushmasi tomonidan “O‘zbekiston madaniyati va san’ati” stend-taqdimoti ham tashkil etildi.
Mamlakatimizning Stokgolm shahridagi elchixonasi tashabbusi bilan “Vatandosh” jamoatchilik fondi va “Hunarmand” uyushmasi ko‘magida uyushtirilgan ko‘rgazmada mahalliy jamoatchilik vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar qatnashdi.
Kechaning ijodiy qismida “O‘zbek tashabbuslari” uyushmasi faollari Ma’rifat Akbarova va Zulfizar Ahmedova tomonidan o‘zbek milliy naqshlari asosida chinni-keramika idishlarga rasm solish - dekorativ keramika bo‘yicha kreativ mahorat darsi tashkil etildi.
– Mana shunday master-klass mashg‘ulotlari orqali biz daniyaliklarga o‘zbek milliy hunarmandligi, san’ati va madaniyatining boy, rang-barang merosini namoyish etdik, – deydi diaspora faollari.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA