O‘zbek milliy harbiylarining qatag‘on qilinishi yoxud bir asrlik fojia tafsilotlari
31 avgust — “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni”
O‘zbekistonda vujudga kelgan ilk harbiy faoliyat va o‘zbek milliy harbiy kadrlarining qatag‘on etilishi bilan bog‘liq voqealar hali ko‘pchilikka ma’lum emas. Chunki yurtimizda milliy armiya vujudga kelishiga oid barcha maxfiy arxiv hujjatlar 1920 yilda Moskvaga olib ketilgan.
Hozirda ular Rossiya Federatsiyasining Rossiya Davlat harbiy arxivi (RGVA)da saqlanmoqda. Bugun sovet hokimiyatining harbiy kadrlarga nisbatan olib borgan qatag‘on siyosati rus, polyak harbiy mutaxassislari misolida tadqiq etilgan bo‘lsa-da, hali o‘zbek milliy harbiy kadrlarining yo‘q qilinishi tadqiqot sifatida o‘rganilmagan. Vaholanki, 1937-1938 yillardagi ommaviy qatag‘onlar davrida o‘zbek milliy harbiy kadrlaridan Said Azamatbek Xudoyorxonov, Mirkomil Mirsharopov, Rizo Yoqubov, Mirsaid Shomirboyev kabi 100 ga yaqin o‘zbek harbiy kadrlari qatag‘on siyosatining begunoh qurboniga aylanganlar...
Afsuski, “Katta qirg‘in” siyosati 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasining siyosiy bo‘lim rahbari Yunus Narimonovni ham chetlab o‘tmadi. Yurtimizning milliy harbiy faoliyatiga tamal toshini qo‘ygan shaxslardan biri Yunus Narimonov 1898 yil sentyabrda Toshkentda yollanma mehnat bilan shug‘ullanuvchi hunarmand oilasida tug‘ilgan. U harbiy faoliyatini Turkiston fronti harbiy tuzilmalarida turli vazifalarni bajarishdan boshladi. 1918 yilning fevral-avgust oylarida Turkiston fronti partiya drujinasida vzvod komandiri, 1919 yilning sentyabridan 1920 yilning dekabrigacha Turkiston fronti hududiy polkining rota komandiri bo‘lib faoliyat yuritgan. Keyinroq Turkiston frontiga qarashli 29-musulmon piyoda qo‘mondonlik kursi komissari etib tayinlangan. Shunday qilib u bir necha yillar oralig‘ida harbiy faoliyat va uni tashkil etish bilan bog‘liq qator muhim ishlarni ado etdi.
32 MINGGA YAQIN QURBON
1937 yil sovet matbuotida “harbiylar ishi” deb atalgan sud jarayoni e’lon qilinadi. Unda SSSR Qizil armiyasi harbiy boshliqlarining ko‘pchiligi Stalin tomonidan qoralandi. 1937 yil 11 iyunda SSSR Oliy sudining maxsus ishtirokida Qizil armiyadagi harbiy-fashistik fitna bilan bog‘liq jinoiy ish ko‘rib chiqilgan. SSSR Qizil armiyasining M.N.Tuxachevskiy, I.Ye.Yakir kabi ko‘zga ko‘ringan harbiy mutaxassislardan jami 8 tasi o‘lim jazosiga hukm qilingan. Shundan so‘ng Qizil armiyada yoppasiga qamoqqa olishlar boshlandi. 1937-1938 yillarda Qizil armiyadagi marshallardan tortib oddiy askarlargacha umumiy 32 mingga yaqin kishi qatag‘on qilingan. O‘shanda 39 yoshli Yunus Narimonov ham ko‘plab harbiylar qatori Stalin qatag‘onining begunoh qurboniga aylandi.
SHAHODAT KALIMASI UCHUN AYBLOV
Yunus Narimonov 19-O‘zbek tog‘-otliq diviziyasi qismlarida milliy aksilinqilobiy isyonchi tashkilotga a’zolikda ayblanib, 1937 yil 12 sentyabrda qamoqqa olindi. Uning shaxsiy hujjatlar to‘plamiga ko‘ra, tergov jarayoni uch oy davom etgan.
Bayonnomalardan birida qayd etilishicha, u diniy fanatizm va “bosmachi”larga xayrixohlikda ayblangan. Bunday ayblovga sabab, 1921 yilda Narimonovning chap qo‘liga islom dinidagi shahodat kalimasi (“Olloh yagona, Undan o‘zga iloh yo‘q. Va guvohlik beramanki, Muhammad (s.a.v.) Ollohning elchisidir”)ning tatuirovka qilinganligi edi. Narimonov tatuirovkani qamoqqa olinmasdan besh kun oldin Samarqandda joylashgan harbiy gospitalga borib, jarrohlik yo‘li bilan o‘chirtirishga muvaffaq bo‘ladi. Ammo bu holat Yunus Narimonovni tergov qilgan tergovchilar e’tiboridan chet qolmadi.
O‘z SSR Ichki Ishlar Xalq Komissarligi (NKVD) mayori Apresyan hamda SSSR Prokurori Vыshinskiylar tasdiqlagan ayblov xulosasiga ko‘ra, Yunus Narimonovga bir kishi butun umri davomida ado etib bo‘lmaydigan ayblovlar qo‘yilganligini ko‘rish mumkin. U milliy aksilinqilobiy tashkilotga a’zolikda, uning faoliyatida ishtirok etganlik, milliy josuslik tashkiloti tashkil etish hamda unga yangi a’zolarni jalb qilganlik, Respublika milliy aksilinqilobiy tashkiloti topshirig‘iga ko‘ra, diviziyani qurolli qo‘zg‘olonga tayyorlash va O‘zbekiston SSRni SSSR tarkibidan ajratib olishda aybdor deb topildi. Shuningdek, Diviziya harbiy mutaxassislarini millatchilik ruhida tarbiyalayotgani da’vo qilinib, Yunus Narimonov Yaponiya foydasiga josuslik qilgan deb topildi.
AYBSIZ AYBDOR
SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining 1938 yil 10 oktyabrdagi navbatdan tashqari sessiyasida harbiy huquqshunos Alekseyev raisligida uning masalasi ko‘rib chiqiladi. Ammo qizig‘i, sudlanuvchi hisoblangan Narimonovning taqdiri uning ishtirokisiz hal etildi, u sud zaliga chaqirilmadi. Majlis davomida Yunus Narimonov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni rad etganligi eslatib o‘tildi. Sud jarayonida shuningdek, Yunus Narimonov tomonidan o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning barchasi tuhmat ekanligi, hech qachon milliy aksilinqilobiy tashkilotga a’zo bo‘lmaganligini, hech qanaqa buzg‘unchilik faoliyati bilan shug‘ullanmaganligini aytib o‘tganligi ta’kidlangan.
Ammo Yunus Narimonov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblar tuhmat va yolg‘on ekanligini barcha tergov jarayonlarida takror-takror aytgani, hatto sud raisi Alekseyev tomonidan ham bu haqida bildirib o‘tilganligiga qaramay, Yunus Narimonov O‘z SSR Jinoyat Kodeksining 57-2, 64- va 67-moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, aybsiz aybdor sifatida mol-mulkini musodara qilish va oliy jazo – o‘limga hukm etilgan.
Erkin Rajabov,
Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassisi,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
O‘zA