"O‘zbek kinosi – yangi nigoh"
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, "O‘zbekiston kinoarboblari" ijodiy uyushmasi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tashabbusi bilan “O‘zbek kinosi – yangi nigoh" kino oyligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur ijodiy loyiha doirasida “Ochiq eshiklar kuni” filmlar taqdimoti o‘z ishini boshladi. Kino oylik davomida ko‘plab qiziqarli va rang-barang tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Oylik doirasida yangi suratga olingan hujjatli filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, “Hujjatli kino davr nigohida” filmlar tanlovi doirasida “Umar Kamoliddin Sayyid Shamsiddin”, “Zamon qahramonlari” turkumida “Ijod mukofoti” (Muhammad Ali), “Ohanglar olami” (Turg‘un Alimatov), “Istiqlol shoiri” (Mahmud Toir), “Shavkat Ayupov”, “Toshxo‘ja Xo‘jayev”, “Botir Zokirov”, “Zomin burguti”, “Mangu do‘stlik va qardoshlik”, “Rishton go‘zallik va qudrat maskani”, “Ilmga baxshida umr” va boshqa ko‘plab yangi hujjatli filmlar tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.

“Ochiq eshiklar kuni” davomida filmlar premerasi, kinonamoyishlar, ijodiy uchrashuvlar: “Toshkent kinofestivallari tarixi”, “Dublyaj san’ati tarixi” kitoblari va “XV Toshkent xalqaro kinofestivali” hisobot albomi taqdimoti tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
“Vatan timsollari” turkumidagi hujjatli filmlar namoyishi, “Yangi O‘zbekiston – yosh kinoijodkorlar nigohida” shiori ostida yosh kinoijodkorlarning “Debyut” kinofestivali tantanali ochilish va yopilish marosimi, mahorat darslari, “Yoshlar va kino” ilmiy-amaliy konferensiyasi ham mazkur loyihaga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi.

Kinematografiya agentligi yil yakunlari sarhisobi va istiqbollariga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda milliy kinematografiya” kinoforumi, “O‘zbekistonda yosh kinoijodkorlarni tayyorlashning dolzarb masalalari: xalqaro tajriba va istiqbolli loyihalar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi, Xalqaro kinomaktablar assotsiatsiyasining ta’sis konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, “Turksoy” xalqaro tashkilotiga a’zo davlatlar Kinematografiya sohasi rahbarlarining yig‘ilishi, “Oltin Humo-2023" milliy kinotaqdimotining tantanali taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova, O‘zA