"O‘zarxiv": Ijro intizomi va murojaatlardagi natijalar va vazifalar
“O‘zarxiv” agentligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda ijro intizomi holati yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev tomonidan agentlikda ijro intizomini ta’minlash, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda oldimizda turgan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
2026-yilning o‘tgan 9 oyi holatiga agentlikka qonunlar hamda Prezidentimiz hujjatlari bilan bog‘liq jami 145 ta topshiriq kelib tushgan. Ularning 99 tasida agentlik asosiy ijrochi, 46 tasida qo‘shimcha ijrochi sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hujjatlari bilan bog‘liq jami 15 ta topshiriq kelib tushgan bo‘lib, ularning 5 tasida agentlik asosiy ijrochi, 10 tasida qo‘shimcha ijrochi hisoblanadi.
Muhimi, mazkur topshiriqlarning barchasi belgilangan muddatlarda sifatli ijro etilgan. Ijroni tasdiqlovchi hujjatlar “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron tizimiga kiritilib, nazorat qiluvchi organlar tomonidan kelishilgan.
Shu bilan birga, ijro intizomi faqat ichki nazorat bilan cheklanib qolmayapti. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida tegishli ma’lumotlar “O‘zarxiv” agentligining rasmiy veb-saytiga muntazam joylashtirib borilmoqda.
Brifingda fuqarolar va tashkilotlar uchun bevosita ahamiyatga ega bo‘lgan murojaatlar va arxiv so‘rovlari bilan ishlashga oid masalalar xususida ham ma’lumotlar berildi.
Jumladan, 2026-yilning 9 oyi davomida respublika arxivlariga mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi jami 429 ming 54 ta so‘rov kelib tushgan. Ularning tarkibiga e’tibor qaratsak, aholi uchun arxiv xizmatlarining qanchalik muhim ekanini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash bo‘yicha 51 193 ta, arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, ya’ni elektron nusxa olish bo‘yicha 163 ta, nodavlat arxiv faoliyati boshlanganligi yoki tugatilganligi to‘g‘risida xabarnoma berish bo‘yicha 3 ta, talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha 76 ta, davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanishga ruxsatnoma berish bo‘yicha 1 829 ta so‘rov kelib tushgan.
E’tiborli jihati, ushbu so‘rovlarning asosiy qismi elektron davlat xizmatlari orqali yuborilmoqda. Xususan, 418 ming 128 ta so‘rov Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, 10 ming 926 ta so‘rov esa shaxsan, pochta yoki elektron pochta orqali kelib tushgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq aholiga arxiv xizmatlarini masofadan ko‘rsatish mexanizmlari amaliyotda keng qo‘llanilayotganini ko‘rsatadi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning bevosita murojaatlariga kelsak, 2026-yilning 9 oyi davomida “O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarga 1 198 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 117 tasi ariza, 81 tasi shikoyat turidagi murojaat hisoblanadi. Ularning 715 tasi agentlikka, 483 tasi tizim tashkilotlariga kelib tushgan.
Jami murojaatlarning 782 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali, 416 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarga kelib tushgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlarning 355 tasi og‘zaki, 25 tasi yozma, 31 tasi elektron pochta va 5 tasi veb-sayt orqali qabul qilingan.
Shu jumladan, Agentlik va uning hududiy boshqarmalari rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan sayyor va shaxsiy qabullar davomida 361 ta murojaat kelib tushgan.
Kelib tushgan murojaatlarning 672 tasi qanoatlantirilgan, 403 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 117 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan, hisobot davrida 36 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda. Aholi bilan bevosita muloqot qilishda sayyor qabullarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, murojaatlar bilan ishlashda xato va kamchiliklarga murosasiz munosabat shakllantirilmoqda. Hisobot davrida Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda kamchilik hamda qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan 3 nafar rahbar va mas’ul xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA