Ozarbayjon va Marokash hamkorligi muhokama qilindi
Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov mazkur davlatga rasmiy tashrifi doirasida hamkasbi, Afrika va xorijdagi marokashliklar bilan hamkorlik vazirligiga ham rahbarlik qilib kelayotgan Nosir Burita bilan uchrashdi. Bu ikki mulozim Ozarbayjon va Marokash o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya hamraislari hisoblanadi.
“Trend” axborot agentligi Ozarbayjon TIVga tayanib xabar qilishicha, delegatsiyalar ishtirokida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik munosabati hamda mintaqaviy masalalar yuzasidan qo‘shma komissiyaning 2-yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida mavjud siyosiy maslahatlashuv mexanizmining ahamiyati ta’kidlandi.

Marokash bilan iqtisodiyot, savdo va sarmoyaviy sohada sheriklik ko‘lamini kengaytirish imkoniyati tahlil qilinib, komissiya majlislarini muntazam tashkil etish, ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forumlar o‘tkazish muhimligi xususida so‘z yuritildi.
Iqtisodiy hamkorlikning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladigan tegishli hujjatlar tezroq kuchga kirishi uchun ichki tartib-qoidani jadallashtirish zarurligi ma’qullandi. Infratuzilma qurilishi sohasidagi hamkorlik salohiyati muhokama qilinib, xalqaro portlar faoliyati bo‘yicha tajriba almashish to‘g‘risida ijobiy fikr bildirildi. Shuningdek, turizm, madaniyat, ta’lim, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirishi, davlatlararo munosabatni chuqurlashtirishga xizmat qilishi tasdiqlandi.
Ozarbayjon va Marokash o‘rtasida energetika, logistika, ekologiyaga oid hujjatlar, shuningdek, komissiya yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.