"Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi arman yodgorliklarini saqlab qoladi"
Ozarbayjon hukumati Tog‘li Qorabog‘da joylashgan arman tarixiy va madaniy yodgorliklarini saqlab qolinishga kafolat beradi.
Bu haqda Ozarbayjonning Rossiyadagi elchisi Po‘lat Bulbul o‘g‘li ma’lum qildi, deb yozmoqda "RBK".
"Men harbiy emasman va u yerda ham emasman, biroq o‘z darajamda kafolat berishim mumkinki, hech qanday yodgorlikka, ayniqsa, ma’naviy yodgorlikka zarar yetkazilmaydi", — deya ma’lum qilgan elchi.
Po‘lat Bulbulning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon YUNESKO bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, arman yodgorliklariga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, 9 noyabr kuni kechqurun Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya rahbarlari tinchlik bitimini imzolagan edi.
Unga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ hududining katta qismi va 1990 yildan beri Yerevan tasarrufida qolgan hududlar Ozarbayjon tasarrufiga o‘tkazildi.