“O‘zagrosug‘urta” AJda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi (+video)
Bugun “O‘zagrosug‘urta” AJda 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan "Aksilkorrupsiya oyligi" doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Aksiyadorlik jamiyatida korrupsiya va qonunbuzilishi holatlarini oldini olish bo‘yicha 5 ta uchrashuv, seminar va davra suhbatlari tashkil etildi. Shuningdek, Jamiyat tomonidan faoliyatning ochiq va shaffoligini ta’minlash borasida ham muayyan ishlar olib borilmoqda.
“O‘zagrosug‘urta” AJning rasmiy veb-saytida “Ochiq ma’lumotlar” rukni joriy etilgan bo‘lib, Jamiyat faoliyatiga oid 18 ta parametr bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilgan. “Investor va aksiyadorlarga”, “Davlat xaridlari, “Xizmat safarlari”, “Xarid komissiyasi”, “Xarajatlar smetasi”. “Murojaatlar”, “Asosiy ko‘rsatkichlar” kabi bo‘limlariga yo‘nalishiga qarab choraklik, yarim yillik va yillik shaklida ma’lumotlar muntazam ravishda kiritib boriladi.
Bundan tashqari, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan mijozlarga polislarning sotilishi masalasida ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 23 oktyabrdagi “Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 2023 yil 1 yanvardan boshlab majburiy Kompaniya rasmiy sayti orqali majburiy sug‘urtaning barcha turlarini onlayn rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil boshida 18 turdagi onlayn sug‘urta xizmatlari taqdim etilgan bo‘lsa, hozirda mijozlar uchun 26 turdagi polislarni elektron shaklda (Ye-polis) sotib olish imkoniyati yaratildi.
Qayd etish joiz, mijozlarga polislarni nafaqat elektron sotish tizimida, balki kompaniya faoliyatini to‘liq raqamlashtirish borasida ham izchil ishlar olib borilmoqda,
Xususan, “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini raqamlashtirishga mo‘ljallangan “Uzagros Online” yagona elektron axborot tizimi to‘liq modernizatsiya qilindi. Endilikda bu tizim orqali an’anaviy qog‘ozbozlikdan mutloqo voz kechiladi. Kompaniya va uning tizimidagi barcha turdagi hujjatlar aylanmasi aynan shu platformada aks etadi. Hozirda ushbu platforma imkoniyatlari, unda ish yuritish bo‘yicha respublika bo‘yicha kompaniya xodimlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, faoliyatida kuzatilayotgan yangiliklar, tadbirlar, seminarlar, uchrashuvlar, press-tur va matbuot anjumanlari tafsilotlari Jamiyatning rasmiy veb-sayti, telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam ravishda yoritib borilmoqda.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob berildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3Q39TDQkRW4?si=LXaA_ULf44ClQnhS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov O‘zA