O‘zAda chop etilgan maqola mutasaddilarga saboq bo‘ldi
Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurash – dolzarb masala” mavzusida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat prokuraturasi, xalq ta’limi boshqarmasi vakillari, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, bosh hisobchilari, maxsus-ta’mirlash ekspluatatsiya guruhi rahbarlari ishtirok etgan tadbirda aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilayotganligi xususida so‘z bordi.
Yig‘ilishda joriy yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida chop etilgan “Shaytonning sirdaryolik “shogirdi” haqida eshitganmisiz?” sarlavhali maqola muhokama etildi. Jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Boyovut tumani xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimi qurilish tashkiloti vakilidan 1 ming 400 AQSH dollari va 300 ming so‘m mablag‘ni pora sifatida olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingani tahlil qilindi.

Ushbu holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aybdor shaxsga nisbatan ta’magirlik, firibgarlik qilish jinoyati sifatida malakalanib, O‘zbekiston Respublikasining JKning 168-moddasi uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi ham atroflicha muhokama qilindi. Bu kabi illatlar botqog‘iga botgan kimsalar qilmishi kasb egalari, soha xodimlari sha’ni, obro‘siga putur yetkazishi qattiq tanqid qilindi.
Tadbir davomida xodimlarning huquqiy savodsizligi tufayli ba’zi bir mas’ul shaxslar o‘z mansab lavozimlarini suiiste’mol qilayotgani, natijada ta’magirlik, firibgarlik holatlari yuzaga kelayotgani, yuqoridagi holatlar bo‘yicha jazo muqarrar ekanligi va bunday ish takrorlanmasligi bo‘yicha barcha ishtirokchilar qat’iy ogohlikka chorlandi. Rahbar xodimlarga korrupsion holat bo‘yicha monitoring olib borilishi yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyati xalq ta’limi
boshqarmasi axborot xizmati