O‘zA – an’ana, tajriba va istiqbol
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mamlakatimizdagi eng yirik axborot manbalaridan biri sifatida o‘zbek jurnalistikasida alohida o‘rin tutadi.
Agentlik o‘z media resurslari orqali xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan ham faol axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Bu esa davlatimizning jahondagi imijini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Andrey Kondrashov, Rossiyaning TASS axborot agentligi Bosh direktori:

– O‘zA yillar davomida o‘zini nufuzli va ishonchli axborot manbai sifatida namoyon etib kelmoqda. Agentlik xodimlari yuqori mahorat, kasbga sadoqat xislatlari bilan keng jamoatchilik hurmati va ishonchini qozongan.
E’tiborli jihati, bugungi kunda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xalqaro jurnalistika rivojida ham muhim o‘rin egallab, mamlakat, mintaqa va dunyodagi eng dolzarb siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va sport sohalaridagi voqealarni zamonaviy talablar darajasida yoritmoqda.
Ishonchim komilki, kelgusida O‘zA global axborot makonidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, ahil va hamjihat jamoa sohamiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etadi.
O‘zAga ulkan yutuqlar, barqaror o‘sish va ravnaq tilaymiz. Har bir yangi kun sizlarga cheksiz ilhom, imkoniyat va muvaffaqiyat keltirsin!
Sodontogos Erdenetsogt, Mo‘g‘uliston Milliy axborot agentligi – MONTSAME Bosh direktori:

– O‘zbek jurnalistikasi bugun o‘z faoliyatiga dunyoda mavjud tarixiy tajribalar hamda zamonaviy tendensiyalarni joriy etgan holda o‘ziga xos, betakror qiyofaga ega bo‘lmoqda. Oddiyroq qilib aytganda, xolis va haqqoniy axborot tarqatish, mamlakat va jahon miqyosidagi muhim voqealarni o‘quvchiga tezkor, ishonchli tarzda yetkazish orqali axborot makoni taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shmoqda.
So‘ngggi yillarda O‘zA rivojlanish yo‘lida zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, axborot tarqatish tizimini muntazam takomillashtirayotganidan xabarim bor.
Fursatdan foydalanib, Agentlik tashkil etilgan kun bilan O‘zAning barcha ijodiy xodimlariga yangi yutuqlar, yuksak marralarni zabt etishda ulkan zafarlar tilaymiz. Kelajakda munosabatlarimiz yanada samarali, sermazmun bo‘lishiga ishonamiz.
Jobir Salim Al-Harmiy, Qatarning “Ash-Sharq” gazetasi bosh muharriri:

– O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA jurnalistlari tirishqoqligi, kasbiga sadoqati bilan axborot va kommunikatsiya sohasining mustahkam asosini yaratishda muhim o‘rin egallaydi. Bugungi kunda esa bu ahil jamoa tez, aniq va ishonchli axborot taqdim etish, dunyoviy tajribani o‘zlashtirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash imkoniyatidan ham unumli foydalanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Agentlik nafaqat mamlakatda, balki butun mintaqada yuqori mavqega ega.
Bugungi sana munosabati bilan O‘zA rahbariyati va ijodiy xodimlariga muvaffaqiyat, barqarorlik va omad tilayman.
Raushan Kajibayeva, “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti teleradiokompleksi” NAJ Bosh direktori:

– “Axborot asri” atalmish ayni davrda dunyo mamlakatlaridagi matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyati yagona tizim sifatida tasavvur qilib bo‘lmas, ta’bir joiz bo‘lsa, aql bovar qilmas oqimga aylanmoqda.
Globallashuv butun sayyoramizga shiddat bilan o‘z hukmini o‘tkazishga urinayotgan bir paytda har qanday jamiyatni buzg‘unchi g‘oyalardan asrab-avaylab, ularga qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar ruhini singdirishda OAV beqiyos o‘rin tutadi.
O‘zbek jurnalistikasining ana shunday mashaqqatli yo‘lida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ilg‘orlar safida munosib odimlamoqda.
Bugun 33 yillik ayyomini nishonlayotgan O‘zA jamoasiga sihat-salomatlik, ijodiy kamolot, ilhom va ezgu maqsadlar ro‘yobini tilab qolamiz.