O‘z umrini vatanga baxshida etgan inson
O‘zbekistonda har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni, umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu kun Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasi yodga olinadi, urush va mehnat faxriylariga izzat-hurmat ko‘rsatiladi.
Mustaqillik yillarida urush va mehnat faxriylarini, ayniqsa, yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Faxriylarni e’zozlash, ularning xotirasini abadiylashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni urush qatnashchilari va nogironlarining farovon hayotini ta’minlash, ularning salomatligini mustahkamlash doimo davlatamizning diqqat-e’tiborida ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Faxriylarni moddiy rag‘batlantirish va fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan yurtimizdagi urush qatnashchilari va nogironlariga 12 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berildi.
Butun xalqimizni bayram kayfiyati qamrab oldi, metropolitenda, ko‘chalarda, bog‘larda o‘sha davr harbiy liboslaridagi odamlar baland kayfiyatda raqsga tushmoqda, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni ijro etmoqda. Poytaxtimizning Botanika bog‘ida Ikkinchi jahon urushi yillariga bag‘ishlangan keng ko‘lamli installyatsiya yaratilgan.
Urush faxriylari bilan uchrashuvlar paytida men sevimli bobom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Rashid Qodirovich Qodirovning xotirasini yodga olaman. Bobom urushning birinchi kunlaridan frontga ketgan va urush oxirigacha dushman bilan jang qilgan. Smolensk o‘lkasi va Kurs yoyida olib borilgan janglarda yaralangan. Ko‘rsatgan qahramonligi va mardligi uchun “I darajali Ulug‘ Vatan urushi”, “Qizil Yulduz” ordenlari, “Jangovor xizmatlari uchun”, “1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba” medallari va boshqa ko‘p nishonlar bilan taqdirlangan.
Urush davrida bobom ofitser, vzvod komandiri, dala kimyoviy laboratoriyasi boshlig‘i bo‘lgan. Butun urush davomida sinchkovlik bilan razvedka ishlarini olib borib, dushmanning zaharlovchi moddalar indikatsiyasi vositalarini aniqlagan va qo‘lga kiritgan. Keyinchalik tegishli hisob-kitoblar olib borib, tutun pardasini o‘rnatish ishlarida qatnashgan, kimyogar jangchilarning kichik tarkibini tayyorlashda katta tashabbus ko‘rsatgan. Kechki paytda himoya vositalarini boshqarish uchun signalizatsiya usullarini ishlab chiqqan, qimmatli qo‘llanma, harbiy liboslarni degazatsiya qilish va zaharlovchi moddalar bo‘yicha qo‘llanmalar yaratgan.
Bobom urushdan qaytgach, 1948 yildan 1987 yilgacha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining (hozirgi paytda – universitet) “Kimyo” kafedrasiga mudirlik qilgan, keyinchalik kafedra professor-maslahatchisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Bobom mustaqillik yillarida ham yashash baxtiga muyassar bo‘ldi.
Rashid Qodirovich buvim, xalq ta’limi a’lochisi Rahima Fozilovna bilan 45 yil baxtli hayot kechirdi. Ular 6 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Farzandlari ham ota-onasining izidan borib, ta’lim va fan sohasida mehnat qildi. Ular kimyo, matematika, falsafa, pedagogika va psixologiya sohalarida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqladi.
Oilamiz uchun 9 may qo‘shaloq bayram – Xotira va qadrlash kuni hamda bobomning tavallud topgan ayyomlari. Hayot bo‘lganlarida bu yil 109 yoshga kirgan bo‘lar edilar.
Butun xalqimiz xaloskor jangchilarimizning g‘alabaga qo‘shgan hissasini, urush faxriylarining jasoratini yodda tutadi va buni hech qachon unutmaydi. Mangu olov kabi ularning xotirasi biz uchun mangudir!
Elyor Mahmudov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori