O‘z kasbining ustasi unvoni uchun tanlov
Janubiy operativ qo‘mondonligi Termiz dala o‘quv maydonida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida o‘z kasbining ustasi unvoni uchun ko‘rik-tanlovi”ning Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda “Eng ilg‘or serjant”, “Eng ilg‘or gurux komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod (batareya) komandiri”, “Eng ilg‘or batalon (divizion) komandiri” va “Eng ilg‘or brigada komandiri” nominatsiyalari bo‘yicha umumqo‘shin, maxsus operatsiya kuchlari harbiy qismlari, safarbarlik chaqiruv rezervi batalonlari, artileriya, aloqa harbiy qism va bo‘linmalari, radioelektron razvedka va radioelektron kurash, muhandislik, radiatsion, kimyoviy, biologik himoya va ta’minot harbiy qism va bo‘linmalari mutaxassislari ishtirok etib, o‘z bilim va mahoratini namoyish etmoqda.

Ko‘rik-tanlovning ochilish marosimida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik S. Baybabayev so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘shinlarimizning jangovar tayyorgarlik darajasini dunyoning eng ilg‘or armiyalari bilan tenglashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Buning uchun harbiy qism va muassasalarda barcha moddiy-texnik asoslar, harbiy xizmatchilar uchun zarur sharoitlar yaratilayotganini qayd etdi. Ko‘rik-tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun okrug qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘i va hay’at tarkibi bilan tanishtirdi.

Shu kunning o‘zida tanlov qatnashchilari uchun Termiz garnizoni harbiy orkestri ishtirokida saf tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yangicha usullarda olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Ko‘rik-tanlov joriy yilning 25 sentyabr kuni yakunlanadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA