Ovul yanada chiroy ochmoqda
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Konimex tumanining olis va chegaraoldi hududi hisoblangan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” – “Boymurod” ovul fuqarolar yig‘inida 11- umumiy o‘rta ta’lim maktabining qo‘shimcha 120 o‘rinli yangidan qurilgan zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.
Tumanning chekka ovullarida ham aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, infratuzilmani rivojlantirish va hududni obod maskanga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ovul fuqarolar yig‘inida 2 843 nafar aholi istiqomat qiladi.
Hududda 3 ta yangi maktab barpo etilmoqda. 20 kilometrga yaqin yo‘l asfaltlashtirilmoqda, 2 kilometr yangi elektr tarmoqlari tortilib, 2 ta transformator o‘rnatilmoqda. Yoshlar uchun usti yopiq, sun’iy qoplamali stadion qurilib, foydalanishga topshirildi. 25- maktabda esa yangi sport zali barpo etilmoqda. Har bir ovulda quduqlar qazilib, ovullarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Aholini energiya resurslari bilan ta’minlash maqsadida suyultirilgan gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yilib, xonadonlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda.
Bu bunyodkorlik ishlari, avvalo, olis va chegaraoldi hududda yashayotgan aholining kundalik hayotini yaxshilash, farzandlar ta’limi va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.
Istiqlol bayrami munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida ovulda bayram konserti dasturi tashkil etildi.
Tuman madaniyat bo‘limi jamoasi hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Maxset Utemuratov tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri