OTB prezidenti: Osiyo va Tinch okeani yagona energetik va raqamli makonga aylanadi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masato Kanda Samarqandda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mintaqaning kelgusi taraqqiyoti uchun muhim yirik tashabbusni ilgari surdi. Ya’ni, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish maqsadida 2035-yilga qadar 70 milliard dollar safarbar etiladi.
OTBning 59-yillik yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan tadbirda mintaqadagi geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, barqaror rivojlanish istiqboli hamda integratsiya jarayoni muhokama qilindi.
Janob Kanda bugungi global vaziyatga alohida to‘xtalib, Yaqin Sharqdagi mojaro Osiyo va Tinch okeani iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi:

– Mintaqamiz mazkur inqiroz ta’sirini eng kuchli his qilayotgan hudud. Narx oshishi energetika sohasi bilan cheklanib qolmasdan, yonilg‘i, transport, oziq-ovqat va o‘g‘it ham qimmatlashdi. Ayni holat xavfsizlik muammosigina emas, balki global iqtisodiy tizim mustahkamligini ham sinovdan o‘tkazayotgan omil. Demak, mamlakatlar strategik ta’minot yo‘laklariga ortiqcha bog‘lanib qolgan. Endi samaradorlikdan barqarorlikka o‘tish zarurati dolzarblashgan.
OTB rahbari bank tomonidan ko‘rilayotgan joriy choralarga ham to‘xtalib, qiyin sharoitda a’zo davlatlarni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilayotganini qayd etdi. Jumladan, savdo va ta’minot zanjirini moliyalashtirish dasturi orqali qisqa muddatli, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun tezkor byudjet yordam taqdim etilayotganiga urg‘u berildi.
Notiq yangi strategik tashabbus – mintaqaviy energetika va raqamli integratsiya loyihalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ham izohladi:
– OTB Osiyo va Tinch okeani mintaqasini yagona energetika tarmog‘i va raqamli magistral orqali bog‘lashni maqsad qilgan. 70 milliard dollarlik sarmoyaning 50 milliardi Pan-Osiyo energetika tarmog‘ini rivojlantirishga, 20 milliardi Osiyo-Tinch okeani raqamli magistralini barpo etishga yo‘naltiriladi.
Pan-Osiyo energetika tarmog‘i mamlakatlar o‘rtasida elektr energiyasi almashinuvini kengaytirish, transchegaraviy savdoni kuchaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan integratsiya jarayoniga xizmat qiladi. Loyiha doirasida 22 000 kilometr elektr uzatish tizimi barpo etiladi.
– Bu tashabbus 200 millionga yaqin aholi energiya ta’minotini yaxshilaydi, sohada chiqindini 15 foiz kamaytiradi, – dedi OTB yetakchisi. Shu bilan birga raqamli infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan Osiyo-Tinch okeani raqamli magistrali 650 million aholini qamrab oladi. Bu jarayonda tolali aloqa tarmog‘i, suv osti simi, internet almashinuvi nuqtalari va mintaqaviy ma’lumotlar markazi barpo etiladi.
– 2035-yilga kelib 200 million kishi birinchi bor keng yo‘lakli internetga ulanadi, 450 million aholi esa tezkor va ishonchli aloqaga ega bo‘ladi, – dedi Masato Kanda. Infratuzilmani inson kapitali bilan uyg‘un rivojlantirish maqsadida 3 million kishi, ayniqsa yoshlar, ayollar raqamli va sun’iy intellekt ko‘nikmasiga o‘qitiladi.
Yakunda OTB prezidenti mazkur tashabbuslarning ahamiyatini quyidagicha baholadi:
– Bu loyihalar ochiq, barqaror va inklyuziv kelajakkazamin yaratadi. Bu barcha uchun uzoq muddatli farovonlikka qaratilgan investitsiyadir.
Musulmon Ziyo, O‘zA