«Otalar akademiyasi» ta’lim loyihasi nimalarni ko‘zda tutadi?
Oilaning tinch va totuvligi, undagi sog‘lom muhit, farzandlarning tarbiyasiga otalar ham mas’uldirlar. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutida tadqiqotchi-doktorantlar tomonidan tayyorlangan “Otalar akademiyasi” mavzusidagi ta’lim loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Loyihaning asosiy maqsadi otalarning farzand tarbiyasidagi real ishtiroki, mas’uliyat darajasi, ota-onalik ko‘nikmalari, oiladagi tarbiyaviy hamkorlik va bolalarning emotsional-ijtimoiy rivojlanishiga ta’sirini o‘rganish hamda ushbu yo‘nalishda amaliy tavsiyalar, metodik materiallar, trening dasturlari va targ‘ibot vositalarini ishlab chiqishdan iborat.
“Otalar akademiyasi” loyihasi doirasida 625 nafar respondent ishtirokida sotsiologik tadqiqot o‘tkazilib, otalarning kundalik parvarish, ta’lim jarayoni, emotsional qo‘llab-quvvatlash, axloqiy tarbiya, internet xavfsizligi, do‘stlar davrasi, sog‘lom turmush tarzi va kelajak maqsadlari bo‘yicha farzand hayotidagi ishtiroki tahlil qilindi va tahliliy ma’lumot tayyorlandi.
Loyiha bo‘yicha 7 ta asosiy modulni o‘z ichiga “Otalar akademiyasi” modeli, “Otam bilan bir kun” nomli tarbiyaviy-amaliy dastur, “Stereotiplarga qarshi qo‘llanma”, “Oilada sog‘lom muloqot, ishonch va qaror qabul qilish” metodik qo‘llanmasi, “Zamonaviy ota va raqamli muhit” mavzusidagi ma’ruza matni, muammoli vaziyatlarga taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan keyslar to‘plami, otalar uchun 30 kunlik odatlar trekkeri ishlab chiqildi.
Mazkur loyiha oilaning butunligini saqlash, bolalar tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, oilaning farovonligi va fayzini ta’minlashda ayollar kabi erkaklar ham birdek mas’ul ekanini ko‘rsatadi.
N.Usmonova,
O‘zA