Ota-onalar uchun seminar-trening
Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Buxoro viloyati Olot tumanida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining tuman bo‘limi psixologlari tomonidan nogironligi bor va inklyuziv ta’limga jalb qilingan bolalarning ota-onalari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ota-onalarga farzandlarining ehtiyojlarini tushunish, ularni psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirishdan iboratdir.

Seminar-trening davomida psixologlar tomonidan farzandni to‘g‘ri tushunish va qabul qilish psixologiyasi, ijtimoiy moslashuv jarayonida ota-onaning roli, stressni boshqarish va emotsional barqarorlikni saqlash usullari, oila muhitida qo‘llab-quvvatlash mavzularda interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar nafaqat nazariy bilimlar bilan, balki amaliy topshiriqlar, guruhli muhokamalar va jonli muloqotlar orqali olib borildi. Bu esa ishtirokchilarning o‘zaro tajriba almashishiga, muammolar va yechimlar yuzasidan ochiq fikr almashishga imkon berdi.

Tadbir ishtirokchilari bunday seminarlarning tashkil etilishi katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ularning aytishicha, bu treninglar farzandlari bilan munosabatni mustahkamlash, ijobiy psixologik muhit yaratish va ularning imkoniyatlariga ishonch bilan qarashga yordam bermoqda.

– Farzandim maktabda inklyuziv ta’lim oladi. Bugungi mashg‘ulot menga uni boshqacha – ijobiy ko‘z bilan ko‘rishimga sabab bo‘ldi. Endi qanday yondashishni, qanday yordam berishni bilaman, – deydi Xanifa Ochilova.
Bugungi kunda inklyuziv ta’lim – zamonaviy jamiyatning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Bunday treninglar orqali ota-onalarning xabardorligi va tayyorgarligi oshishi, bu esa bolalarning ijtimoiy moslashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA