Ota besh yillik aliment pulini oldindan to‘ladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Kogon tumanlararo sudining 2022 yil 4 fevraldagi javobgar Sh.Adizovdan undiruvchi S.Qilicheva foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro varaqasi Byuroning Kogon shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Mazkur ijro hujjati bo‘yicha olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor Sh.Adizov belgilangan muddatda aliment qarzdorligini to‘lamaganligi sababli, uning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
Majburiy ijro harakatlari davomida, qarzdor Sh.Adizov Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun bormoqchi ekanligini aytib murojaat qilgan.
Davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjati bo‘yicha qarzdor va undiruvchiga ularning qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlari tushuntirilishi natijasida, qarzdor Sh.Adizov tomonidan 65 million 914 ming so‘m miqdoridagi besh yillik aliment to‘lovi oldindan undiruvchi S.Qilichevaning nomiga AT “Aloqabank” Buxoro filiali tomonidan ochilgan bank plastik kartasiga ko‘chirib berilishi ta’minlandi.
Natijada ijro ishi undiruvchining arizasiga asosan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 40-moddasi 1-bandiga asosan tamomlandi.
Zarif Komilov, O‘zA