Ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi
Poytaxtimizdagi "Markaziy ippodrom"da ot sportining kross, konkur va ot yo‘rttirish yo‘nalishlarini birlashtirgan uchkurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Uch kun davom etgan qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra CCI2-L* yo‘nalishida Jasur Xotambekov “Artur” laqabli tulporida oltin, Abror Esonov esa “Chinor” nomli otida kumush, Behruz Erkinov “Fan Fan” deya nom olgan otida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

CCI1-B* bo‘yicha Maksim Dvoryanskiy (“Gudman Ji”), Sanjar Rahimov (“Magnoliya”), Ulug‘bek Mamatov (“Franklin”) kabi chavandozlar shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, CCI1-Intro* bellashuvlarida Madina Abdurahmonova (“Jizel”), Alisa Sodiqova (“Garpus”) hamda Bekzod Shohliyev (“Kirov”) kuchli uchlikdan joy oldi.

O‘zbekiston chempionatining uchkurash yo‘nalishi bo‘yicha ot yo‘rttirishda Muhammadsodiq Odiljonov “Hosilxon” laqabli tulpori bilan chempion bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA