Osiyo velotrekida porlagan jizzaxlik chempion
Filippinda davom etayotgan velotrek bo‘yicha Osiyo chempionatidan yurtimizga yana bir xushxabar yetib keldi — Jizzax zaminidan yetishib chiqqan yosh va iste’dodli sportchi Chingiz Cho‘liyev nufuzli musobaqada yuksak mahorat va matonat namunasini namoyon etdi.
Forish tumani vakili bo‘lgan ushbu mohir velopoygachi “Scratch” yo‘nalishida Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy kabi sport an’analari kuchli davlatlar vakillarini ishonch bilan ortda qoldirib, marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Shu tariqa u musobaqaning oltin medalini qo‘lga kiritib, yurtimiz bayrog‘ini yana bir bor balandlarga ko‘tardi.
Bu zafar nafaqat sportchining shaxsiy g‘alabasi, balki butun Jizzax viloyati, O‘zbekiston sporti uchun ulkan iftixor timsolidir. Chingiz Cho‘liyevning muvaffaqiyati yurtimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, zamonaviy shart-sharoitlar va yosh avlodga berilayotgan keng imkoniyatlarning yorqin samarasidir.
Ayni paytda viloyatda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning iqtidorini rivojlantirish va xalqaro arenalarda munosib ishtirokini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida Chingiz kabi chempionlar yetishib chiqmoqda.
Chingiz Cho‘liyevning bu muzaffar yurishi yurtimiz yoshlari uchun ilhom manbai bo‘lib, ularni yangi zafarlar sari chorlaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri