Osiyo taraqqiyot banki issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish uchun 1,3 million dollar ajratdi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Toshkent shahar hokimligi, «Issiqlikta’minoti» AJ hamda vazirlikning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida mamlakatda kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan amaldagi hamda istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, Navoiy, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish loyihasini tayyorlash jarayonlari, uning texnik va moliyaviy jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Qayd etilishicha, mazkur loyihani tayyorlash ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 1,3 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i ajratilgan.

Uchrashuvda issiqlik ta’minoti sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini xalqaro tajriba asosida oshirishga qaratilgan grant loyihasi masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi muhokama qilindi. Jumladan, Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlariga o‘tkazilgan mahallalarni ichimlik suvi hamda kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash bo‘yicha rejalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tomonlar kommunal xo‘jalik sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini oshirish va istiqboldagi tashabbuslar bo‘yicha muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va sohaning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA