Osiyo dzyudochilari Toshkentda bellashmoqda
«O‘zbekiston» sport majmuasida dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi
«O‘zbekiston» sport majmuasida dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, qit’a va jahon chempionatlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimiz safi tobora kengaymoqda, mamlakatimiz ko‘plab yirik sport anjumanlariga mezbonlik qilmoqda.
2014-yili Gonkongda Osiyo dzyudo uyushmasining ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekistonda sportning barcha turlari qatori dzyudoni ham rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, turli nufuzli anjumanlarni tashkil etishdagi boy tajriba va yaratilgan keng imkoniyatlar inobatga olinib, Osiyo chempionatiga mezbonlik qilish huquqi Toshkent shahriga berildi. Poytaxtimizda 2005 va 2012-yillarda ham qit’a chempionati yuqori darajada o‘tkazilgan. 2013-yildan buyon har yili Gran-pri turkumidagi xalqaro turnir muntazam tashkil etilmoqda.
“O‘zbekiston” sport majmuasida 15-aprel kuni Osiyo chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bayramona bezatilgan sport majmuasi mehmonlar, sportchi va murabbiylar, muxlislar bilan gavjum. Maydonga ishtirokchi davlat terma jamoalari kirib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.
– O‘zbekistonda sportni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining samaralarini bermoqda, – deydi Osiyo dzyudo uyushmasi prezidenti Obeyd Al-Anziy. – O‘zbekiston sportchilari, xususan, dzyudo ustalari Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuksak natijalarni qayd etmoqda. Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionati ham yuqori saviyada o‘tishiga ishonchimiz komil.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi, Osiyo dzyudo uyushmasi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi tomonidan qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan Osiyo chempionatida o‘ttizdan ziyod davlatdan 230 dan ortiq eng kuchli sportchi sovrinli o‘rinlar va joriy yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun kurashmoqda.
Dzyudo – mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan olimpiya sport turlaridan. O‘zbekiston dzyudo ustalarining Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, turli nufuzli turnirlarda muntazam sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘layotgani, yangi-yangi iste’dod egalarining kashf etilayotgani o‘zbek dzyudo maktabi shuhrati yanada yuksalishidan dalolatdir.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Osiyo chempionatida mamlakatimiz sharafini Diyorbek O‘rozboyev, Abdujalil Yusupov, Mirali Sharipov, Shahzod Sobirov, Yahyo Imomov, Sherali Jo‘rayev, Soyib Qurbonov, Ramziddin Saidov, Abdulla Tangriyev himoya qilmoqda. Xotin-qizlar o‘rtasida Muqaddas Kubeyeva, Omongul Allanazarova, Gulnor Sulaymonova, Nodira Gulova, Diyora Keldiyorova, Muhayyo Ibrohimova, Gulnoza Matniyozova, Kumush va Nodira Yo‘ldoshevalar kabi iqtidorli sportchilarimiz bellashmoqda.
Chempionatning dastlabki kunida bo‘lgan bellashuvlarda Diyorbek O‘rozboyev (60 kg) kumush medal, Mirali Sharipov (73 kg) bronza medal bilan taqdirlandi.