Osiyo chempionati doirasida antidoping seminari o‘tkazildi
Xalqaro tajriba va milliy salohiyat: dopingga qarshi kurash sohasida yangi imkoniyatlarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati ishtirokchilari uchun dopingga qarshi kurash sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, xalqaro tajribani keng joriy etish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.
Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi, Xalqaro testlash agentligi (ITA) hamda O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilarga antidoping qoidalari va ularning talablari, doping-nazorati jarayonini shaffof va to‘g‘ri tashkil etish, sportchilarning huquq va majburiyatlari, taqiqlangan moddalar va usullar ro‘yxati, shuningdek, terapevtik maqsadlarda foydalanish uchun ruxsatnoma olish tartibi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Seminarni Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Joolud, Xalqaro testlash agentligi eksperti Riley MasGovn hamda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi mutaxassislari olib bordi.
Savol-javoblarga boy tarzda kechgan tadbirda xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda antidoping madaniyatini yuksaltirish, sportchilar va mutaxassislarning huquqiy hamda amaliy bilimlarini oshirish, xalqaro standartlarni milliy sport tizimiga samarali joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarga yuqori baho berishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA