“Orzular dunyosi” aksiyasi
Buxoroda Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi hamda O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati viloyat tashkiloti hamkorligida “Orzular dunyosi” aksiyasi o‘tkazildi. Unda viloyat shahar-tumanlarida istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan yoshlar qatnashdi.
Aksiya davomida ishtirokchilar uchun madaniy-ma’rifiy dasturlar tashkil etildi. Sahnada jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar yangradi, raqs jamoalari o‘z chiqishlari bilan barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi. Tadbir ishtirokchilarining yuzlaridagi tabassum, ko‘zlaridagi ishonch va shijoat tashkilotchilarni quvontirdi.

– Tadbirning yana bir e’tiborli jihati – nogironligi bo‘lgan yoshlar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati mahsulotlari namoyish etilgan ko‘rgazma bo‘ldi. Unda hunarmandchilik mahsulotlari, rasmlar, gul kompozitsiyalari va boshqa ijodiy ishlanmalar taqdimot qilindi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida kimoshdi savdosi yo‘lga qo‘yilib, tadbir mehmonlari turli buyumlarni xarid qilish orqali aksiyada ishtirok etgan yoshlarga o‘z e’tiborlarini izhor etdi, – deydi Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Zulfiya Tuyeva.

Bu kabi tadbirlar yosh avlodning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash hamda teng huquqli hayotga bo‘lgan ishonchlarini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida eng faol ishtirokchilar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.