Orzudan imkoniyatga: Garvard – Samarqandda
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida dunyoga mashhur Garvard universiteti talabalari ishtirokida yosh liderlar sammiti o‘z ishini boshladi.
Garvard universiteti qoshida faoliyat ko‘rsatuvchi va talabalar tomonidan boshqariladigan notijorat tashkilot – HPAIR (Harvard Project for Asian and International Relations) hamda “Istiqbolli ta’lim” maktabi bilan hamkorlikda tashkil etilgan forumda Garvardda tahsil oluvchi talabalar hamda ularning ustozlari, Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda Prezident maktabi va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari, faol yoshlar ishtirok etmoqda.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Hakimovning sammit ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi.
[gallery-29484]
Tabrikda Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor yurtimizda o‘tkazilayotgan Garvard yoshlar sammiti davlatimiz rahbarining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan yuksak e’tiborining natijasi o‘laroq, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
– Mazkur tadbir yoshlar ongida shakllangan “Garvard juda uzoq, unga yetishish qiyin” degan tasavvurni o‘zgartirishga qaratilgan, – dedi sammit ochilishida so‘zga chiqqan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Muhsinjon Xolmuhamedov. – Sammitda Garvard universiteti professor-o‘qituvchilari va yetakchi talabalari, ta’lim, iqtisodiyot, siyosat va xalqaro munosabatlar sohasidagi faol spikerlar ishtirok etmoqda. To‘rt kun davomida ular yurtimiz yoshlari bilan suhbatlashadi, Garvard uslubida seminarlar, yetakchilik mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Impact Challenge loyihasida real hayotiy muammolarga birgalikda yechim topiladi va College Panels doirasida dunyoga mashhur universitet talabalari bilan bevosita fikr almashiladi.
Sammit ochilish marosimidan so‘ng Garvard vakillari yurtimiz yoshlari bilan muloqot qilib, universitetdagi ta’lim jarayonlari, imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari