Orolbo‘yida “Yoshlar oyligi” tadbirlariga start berildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi “Mustqillik” maydonida “Yoshlar oyligi” tadbirlarining tantanali ochilish marosimi hamda gala konsert bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbirda Yoshlar ishlari ishlari agentligi direktori A. Sa’dullayev butun qoraqalpog‘istonlik yoshlarni “Yoshlar kuni” bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Ma’lumki, mamlakatimizda 2017 yildan boshlab, har yili 30-iyun – “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlab kelinadi. Shuningdek, mazkur sanaga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib nishonlash maqsadida har yili iyun oyi – “Yoshlar oyligi” sifatida o‘tkaziladi. Ushbu oylik doirasida respublikamizning barcha hududlarida turli yo‘nalishlarda loyiha, tanlov, sport musobaqalari, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilib, keng yoshlar qatlami qamrab olinadi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ushbu oylik har yili ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Bu yil ham Orolbo‘yida “Yoshlar oyligi” o‘zgacha shukuh va kayfiyatda o‘tkazilmoqda. Xususan, oylik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 17 ta shahar va tumanlarda jami 470 ta tadbir va loyiha o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, ularda 106 ming nafardan ziyod yoshni qamrab olish rejalashtirilgan.

An’anaga aylangan “Yoshlar kuni” gala konsertini butun qoraqalpog‘istonliklar intiqlik bilan kutadi. Chunki estrada yulduzlari va taniqli didjeylarning Qoraqalpog‘istonga tashrifi barchaga birdek manzur bo‘ladi. Bu yil ham ushbu gala konsertga juda katta ishtiyoq va shijoat bilan tayyorgarlik ko‘rildi. Nukus shahri markazidagi “Mustaqillik” maydoni yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.

Markaziy sahna oldida Yoshlar ishlari agentligining brend loyihalari “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Ustoz AI”, “Uzchess”, “Qizlar akademiyasi” targ‘iboti, shaxmat, stol tennisi, karate, boks, badiiy gimnastika singari sport o‘yinlari, rassomlar ko‘rgazmalari namoyish qilindi.

Shu bilan bir qatorda, "Yoshlar ovozi" tanlovi respublika bosqichining g‘oliblari tomonidan raqsbop qo‘shiqlar ijro etildi. Konsert dasturi yakunida mushakbozlik tomoshalari yoshlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Bundan tashqari, tengdoshlari orasida eng faol va ilg‘or bo‘lgan 5 nafar yosh qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

“Yoshlar oyligi” doirasida yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, tinchlik va osoyishtalikni qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini shakllantirish, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasidagi tadbirlar shahar va tumanlar bo‘ylab davom ettiriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri