Orolbo‘yida “Yashil makon” doirasidagi ishlar boshlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi tajriba maydonchasida “Yashil makon” loyihasi doirasida e’lon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” davomida daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarish qilish, sug‘orish tizimlarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi N.Oblomurodov, tegishli mutasaddilar, shahar va tuman hokimlari, deputatlar, nuroniylar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari raisligida 2022 yil 11 oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
Seminarda ko‘chatlarning xususiyatlari, ularni ekish, sug‘orish tartibi, o‘g‘itlash, parvarishlash jarayonlari, ushbu hududlar iqlim sharoitiga mos yangi o‘simlik turlarini iqlimlashtirish va sho‘rga chidamli turlarini ko‘paytirish, ekiladigan ko‘chatlarni kasallik va zararkunandalardan asrash bo‘yicha tajriba almashildi.

Joriy yil kuz mavsumida O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasidan 925 ming 500 dona, ko‘chatchilik fermer xo‘jaliklari dan 1 million 951 ming 500 dona, aholi tomorqalari tomonidan 2 million 373 ming 400 dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chati yetkazib beriladi.
Belgilab berilgan vazifalar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har bir hududning mahalliy iqlim sharoitiga mos 14 million dona daraxt va buta ko‘chatini ekish rejalashtirilib, shundan 2021 yil kuz mavsumida 6 million 512 ming dona, 2022 yil bahor mavsumida 8 million 952 ming dona daraxt ko‘chati ekilishi ta’minlanib, reja 110,5 foizga bajarildi.
Shu kuni tadbir qatnashchilari tomonidan davlat o‘rmon xo‘jaligi tajriba maydonchasi hududiga yaxshi niyatlar bilan ko‘chatlar o‘tqazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA